Ostonada yashovchi 52 yoshli Nasipkul Uyabayeva buzilishga tushgan uyining tashqi devorlarini Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning rangli printerda chop etilgan suratlari bilan qoplab chiqdi.
Ayolning aytishicha, u uyi devorlariga Nazarboyevning 91 ta suratini yopishtirib chiqqan. Ayol shu yo‘l bilan sobiq "Mayskiy" bog‘dorchilik shirkatidagi o‘z uyining buzilishini to‘xtatmoqchi. Sud ijrochilari hozircha buzilish ishlari o‘tkaziladigan joyga kelishmagan.
Ayolning aytishicha, u bu uyni 10 yil avval sotib olgan. Oldi-sotdi hujjatlari to‘g‘ri
rasmiylashtirilgan va ayol bu muammo chiqmaguncha bu uyda 8 yil tinchgina yashab kelayotgandi.
"Men bu uyni jismoniy shaxsdan sotib olganman. Bu mening mulkim. Men bu yerda yashayman, ro‘yxatdan o‘tganman. Bu uyda mening qarindoshlarim: ukam rafiqasi va farzandlari bilan hamda singlim yashaydilar", deb aytmoqda ayol.
Ayolga uyining buzilishini ma'lum qilgan amaldorlarning ta'kidlashicha, uy o‘rnida "KazMunayGaz" kompaniyasi xodimlari farzandlari uchun bolalar bog‘chasi bunyod etiladi.

"Bu muammo 2,5 yil, 2014 yil oktabridan beri davom etmoqda. Hokimiyatdan kelib, uyim buzilishini, uning o‘rnida bolalar bog‘chasi qurilishini aytishdi. Men xaridorning o‘zi kelsin, deb aytganman. Men umuman uyimni sotmoqchi emasman. Biroq ularga mening yerim kerak ekan, shahar albatta rivojlanishi zarur, shuning uchun uyni buzmoqchi bo‘layotganlar men bilan kelishib olsinlar. Men bunga qarshimasman. Ular ertasiga yana kelib, hududni bo‘shatib qo‘yishimni, bu yer ularga tegishli ekanini aytishdi. Menga 10 ming dollar tovon puli, ya'ni men bu uyni 2007 yilda sotib olgan pulimga teng pulni taklif qilishdi. Biroq bu summa meni qanoatlantirmaydi. Menga boshqa hech narsa taklif qilishmadi", deb achchiqlanmoqda ayol.
Uyabayevaning fikricha, amaldorlarning harakatlari noqonuniy bo‘lib, u bu aksiyani amalga oshirishga majbur bo‘lgan.
"Amaldorlarning uyimizni buzish bo‘yicha harakatlari noqonuniydir. Oxirgi marta hokimiyat xodimlari bizni uydan kuch bilan chiqarish bilan tahdid qilishgan. Ularning aytishicha, bu mening yerim emas ekan. Ular bizni "KazMunayGaz"ga bor-butimiz bilan sotib yuborishgan. Pullarni o‘zlariga olib, bizga berishmayapti. Ular qonunni buzmoqdalar", deb ta'kidlamoqda ayol.
U o‘z aksiyasi bilan prezident e'tiborini qaratmoqchi va uning himoya qilishini istamoqda.
















