Jamiyat | 14:32 / 12.05.2017
16278
3 daqiqa o‘qiladi

Zarafshonda “naqdlashtirish” faoliyati bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi

Foto: "Kun"

SVOJJDLQK departamentining Zarafshon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Ali Boltayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hech qayerdan ro‘yxatdan o‘tmasdan va maxsus ruxsatnoma olmasdan Zarafshon shahrida alkogol mahsulotlari savdo bilan shug‘ullanayotganligi aniqlandi. Undan 4 mln. 200 ming so‘mlik spirtli ichimliklar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Olib borilgan tekshiruvda fuqaro A.Boltayev “Standart lyuks servis” xususiy korxonasining rahbari Erkin Bo‘riyev bilan oldindan jinoiy til biriktirib, go‘yoki mazkur mahsulotlarni “Standart lyuks servis” nomidan soxta yuk xati rasmiylashtirib olib, sotib kelayotganligi ma'lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari jarayonida A.Boltayevning yana bir qilmishi fosh etildi. U “naqdlashtirish” faoliyatini amalga oshirish uchun o‘zining nomiga “Obod quruvchilar” XKni tashkil etib, 2016 yilning avgust-sentabr oylari davomida qonun hujjatlariga zid ravishda 9 mlrd. 560 mln. 587 ming so‘mlik xaridorgir va tez sotiluvchi mahsulotlarni naqd pulga sotgan ekan. Shuningdek, savdodan tushgan naqd pul mablag‘larini nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazmasdan va bank muassasasiga topshirmasdan, turli maqsadlarda ishlatib yuborib, savdo qoidalarini buzganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, “Standart lyuks servis” xususiy korxonasi rahbari E.Bo‘riyev ham o‘zining “naqdlashtirish” faoliyatini amalga oshirish maqsadida nomiga yana bir tadbirkorlik sub'yektini tashkil qilganligi ham aniqlandi. Bu shaxs ma'lum foiz hisobiga fuqarolarning plastik kartochkalaridagi pullarini naqdlashtirib berishni yo‘lga qo‘yadi. O‘tgan yilning iyul-sentabr oylari davomida E.Bo‘riyev tomonidan jami 12 mlrd. 921 mln. 153 ming so‘m savdodan tushgan naqd pul mablag‘lari nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazilmaydi, bank muassasasiga ham topshirilmay, o‘z manfaatlari yo‘lida turli maqsadlarga sarflab yuboriladi.

A.Boltayev va E.Bo‘riyev, o‘zlarining jinoyatlarini yashirish maqsadida korxonaning moliyaviy holati bilan bog‘liq hujjatlarni qasddan nobud qilganliklari ham oshkor bo‘ldi.

Qonunbuzarlarga nisbatan sud o‘zining odilona hukmini e'lon qildi.

Mavzuga oid