Jahon | 13:57 / 19.05.2017
20342
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston transport vazirligi nima uchun samolyotlari Toshkentga uchmayotganini tushuntirib berdi

Foto: Flickr

Tojikiston transport vazirligi mahalliy “Somon Eyr” aviatashuvchisi Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha haligacha nima uchun parvoz qilmaganini tushuntirib berdi, deb yozmoqda «Aziya-Plyus» axborot agentligi.
 
“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi tomonidan bir haftada 2 marta amalga oshiriluvchi Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha reysning to‘liqlik darajasi 50 foizdan oshmaydi.

Tojikistonning “Somon Eyr” aviakompaniyasi aynan shu sabab tufayli O‘zbekiston poytaxtiga o‘z reysini ochishga shoshilmayapti. Tojikiston transport vazirligi Toshkentga haligacha tojik samolyoti uchmayotganiga shunday izoh bergan.

“Biz uchun O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida aviareysni ochish muhim edi, buni har ikki davlat aholisi ko‘p yillar davomida kutdi. Agar reys talabgor bo‘lsa va yo‘lovchilar soni ortsa, Tojikiston aviakompaniyasi albatta Toshkentga ucha boshlaydi. Hozircha O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida sheriklikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ish davom etmoqda”, - deya xabar bergan Tojikiston transport vazirligidagi manba “AP”ga.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentdan Dushanbega birinchi muntazam reys “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan 11 aprel kuni amalga oshirildi. O‘shanda samolyot bortida 29 kishi bo‘lgan. O‘zbekiston kompaniyasi tomonidan Toshkent-Dushanbe-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha reys bir haftada ikki bora – seshanba va shanba kunlari amalga oshirilmoqda. Parvoz vaqti taxminan bir soatga teng.

Ayni damda bir tomonga chipta narxi 140 dollarni tashkil etadi, bu esa, O‘zbekistonning Tojikistondagi elchisi Shoqosim Shoislomov so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlar uchun juda ham qimmat bo‘lmasligi mumkin, biroq oddiy fuqarolar uchun ancha balanddir. “Biz aviachiptalar narxini pasaytirishga harakat qilamiz”, - dedi u.

Mavzuga oid