Bir daqiqayu 38 soniya. Ispaniya chempionatining oxirgi turida intriga shuncha vaqt davom etdi.
Ko‘p yillardan buyon ilk marta Ispaniya chempionatining oxirgi turida amalda intriga qolmagandi. Segundaga ravona bo‘luvchi jamoalar nomi oldinroq ma'lum bo‘lgan, keyingi mavsumda Chempionlar ligasida Ispaniya sharafini himoya qiladigan 4 jamoa nomi ham ma'lum, Yevropa Ligasida ham «Vilyarreal» bilan «Real Sosedad» qatnashishi deyarli aniq («Alaves» Qirol kubogida «Barselona» ustidan g‘alaba qozonsagina «Real Sosedad» o‘rnini egallaydi).
Yagona intriga chempionlik bo‘yicha edi.
«Real» oxirgi tur arafasida 90 ochko to‘plab turgandi, «Barselona»da 87 ochko. Ko‘k-anorranglilar chempion bo‘lishi uchun o‘z maydonida «Eybar»ni mag‘lub etishi hamda «Real» safarda «Malaga»ga yutqazishi talab etilardi.

Fantastik ssenariylar bo‘lmadi. «Real»ga qarshi o‘yinga qadar o‘z maydonida ketma-ket 4 marta g‘alaba qayd etgan, «Barselona» (2:0) va «Sevilya» (4:2) jamoalariga imkon qoldirmagan Michel Gonsales shogirdlari ilk daqiqalardanoq gol o‘tkazib yubordi. Krishtianu Ronalduni qo‘riqlashi kerak bo‘lgan himoyachilar chalg‘ishdi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan portugaliyalik futbolchi Iskoning pasini golga aylantirdi hamda jamoa keyingi 5 yillikdagi ilk chemionlik tomon juda yaqinlashdi. Zero, Zidan shogirdlari bu mavsumda hisobni saqlab qolish hadisini olganliklarini ko‘p marta namoyish etib berishgandi. 55-daqiqada barchasi ayon bo‘ldi, Karim Benzema ikkinchi golni urdi va o‘yinni hal qildi.

«Real» o‘z o‘yinida hujumkor o‘yin ko‘rsatdi va parallel uchrashuvda hakamlardan aziyat chekayotgan «Eybar»ni hakamlarga qo‘shilib azoblayotgan «Barselona»ga imkon qoldirmadi. «Eybar»ga qarshi o‘yinda avvaliga 2ta gol qo‘yib yuborgan katalonlar yakunda Messining dubli bilan 4:2 hisobida g‘alabaga erishdi va jamoa mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunladi. Jamoaga taskin beruvchi jihat: Lionel Messi 37 gol bilan Ispaniya chempionati to‘purari bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda jamoaning boshqa bir hujumchisi Suares - 28 gol. Ronaldu esa uchinchi bo‘ldi - 25 gol.
«Real» Ispaniyada oxirgi marta 2011/12 yilgi mavsumda chempion bo‘lgandi. O‘shanda jamoani Joze Mourino boshqargan. Portugaliyalik murabbiy keyingi mavsumda ham jamoani boshqargan, ammo natijaga erisha olmagan va lavozimni tark etgan. Undan keyin Karlo Anchelotti titul olishga harakat qilgan, ammo u o‘ziga berilgan ikki yillik muddatda imkondan foydalana olmagan. Uni Rafael Benites almashtirdi, ammo u yarim yilda ishdan bo‘shatildi. Uning o‘rniga vaqtinchalikka tayinlangan Zidan ilk mavsumdayoq primerada munosib ishtirok etdi va Chempionlar ligasida g‘alabaga erishdi.




















