Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumaniga qarashli Miroqi shaharchasi o‘zining go‘zal tabiati, musaffo havosi va xushmanzara joylari bilan nafaqat yurtimiz aholisini, balki xorijiy davlatdan kelayotgan sayyohlarning ham e'tiborini o‘ziga tortib keladi. Baland tog‘lar, qir-adirlar va shildirab oquvchi jilg‘alar-u, soylar bu shaharchaning o‘ziga xos manzarasini aks ettiradi.

Mana shu Miroqi shaharchasida Uloch qishlog‘i joylashgan. Qishloq aholisi mehnatkash, samimiy va ochiqko‘ngil kishilar. Tog‘ kishilari bo‘lganliklari uchunmi, yuzlari tiniq, o‘zlari esa tetik ko‘rinishadi. Ammo so‘nggi oylar ichida bu odamlarning boshiga og‘ir tashvish tushib qoldi. Gap, mubolag‘asiz aytganda, ularning hayot-mamoti haqida boradi.

Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan murojaatlardan birida shu haqda so‘z yuritilgan. Joriy yilning mart oyidan boshlab, mazkur qishloq hududiga Shahrisabz tumanidan chiqqan barcha chiqindi-axlatlarni mashina-mashina olib kelib tashlash boshlanadi. Bu ish bora-bora avjiga chiqadi va alaloqibat vaziyat jar yoqasiga kelib qoladi.

Gap shundaki, chiqindi-axlatlar to‘kilayotgan joydan qishloq aholisi ichadigan suv yo‘li o‘tgan. Yanada aniqroq tushuntiradigan bo‘lsak, mazkur qishloqqa toza ichimlik suvi quvurlari o‘tkazilmagan. Kuz va qish fasllarida tog‘larda yig‘ilgan qorlar, bahor oyiga kelib erib, jilg‘alar hosil qilib, katta anhorga borib tushadi va aholi ana shu suvdan iste'mol qiladi. Buloq suvlari ham shu jumladan. Tog‘ va yerdan sizib chiqqan suvning hech qanday zarar tomoni yo‘q, ammo ana shu suv yo‘liga har kuni 20-25 yuk mashinasida chiqindi-axlat ag‘darilsa, u haqiqiy ofatga aylanadi.

Mazkur masala yuzasidan Uloch qishlog‘i oqsoqoli Nurulla Ziyodullayev bilan ko‘rishdik. U kishining aytishiga qaraganda, mazkur ulkan chiqindixona qishloq atrof muhitiga salbiy ta'sir o‘tkazmoqda, chorvalarni zaharlamoqda va insonlar hayotiga xavf solmoqda. U kishi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur chiqindixona paydo bo‘lgandan beri, qishloqda 70 boshga yaqin chorva nobud bo‘lgan. U yerdan chiqayotgan badbo‘y hid butun qishloqqa yoyiladi, chivinlar esa kasallik tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

Mahalliy aholi bilan suhbatlashganimizda ham ularning yuz-ko‘zidan norozilik alomatlarini payqash qiyin emas edi. Ularning aytishiga ko‘ra, chiqindixona ostidan sizgan suv toza suvga qo‘shilgach, suv ifloslangan va buning oqibatida ikki nafar yosh bola – biri “sariq” kasalligi bilan, ikkinchisi esa ichak yo‘llarining yallig‘lanish kasali bilan og‘rib, shifoxonaga shoshilinch yotqizilgan.