Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ota o‘g‘lini jinoyatga boshladi
Yangiqo‘rg‘onlik Botir Saidov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) fermer xo‘jaligi rahbari bo‘la turib, xo‘jalik ravnaqidan ko‘ra, kissasini qappaytirish g‘amiga tushib qoldi. Hatto o‘zi ta'sis etgan MChJni boshqarayotgan o‘g‘li Nosirni ham shu yo‘lga boshladi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
B.Saidov tumandagi banklardan birining sobiq boshqaruvchisi Islom Qayumov bilan jinoiy til biriktirib, fermer xo‘jaligiga qoramol sotib olish uchun 70 mln. so‘m kredit olishga erishdi. Albatta, I.Qayumov ham bu “saxovati” uchun yaxshigina “siylandi”.
Mablag‘ tumandagi xususiy korxonalardan birining hisob raqamiga o‘tkazib berilgach, fermer xo‘jaligiga qoramollar ajratildi. Ammo B.Saidov bu qoramollarning 14 boshini sotib yuborib, pulni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuraverdi.
Ko‘p o‘tmay yana I.Qayumovning ko‘magi bilan o‘g‘li Nosir boshqarayotgan MChJga qoramol sotib olish uchun 140 mln. so‘m kredit ajratilishiga erishdi. Biroq qoramol sotib olish o‘rniga, bu mablag‘ning 100 mln. so‘mini o‘zi rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligining, 40 mln. so‘mini esa xususiy korxonalardan birining hisob raqamiga o‘tkazib yuboradi. O‘zicha rasmiy hujjatlarni soxtalashtirdi va bu bilan go‘yoki qoramol sotib olganini aks ettirdi. 48 mln. 130 ming so‘m mablag‘ni bank kassasi orqali naqdlashtirdi. Bu pulni tanish fermerning kreditdan bo‘lgan qarzdorligiga yo‘naltirib, evaziga uning traktorini sotib oldi. Qolgan mablag‘larni esa o‘z manfaatlari uchun sarfladi.
Orada B.Saidov I.Qayumov bilan til biriktirgan holda tumandagi fermer xo‘jaliklaridan biriga 180 mln. so‘mlik qoramol sotib olish uchun kredit rasmiylashtirishga ulguradi. So‘ngra bu mablag‘ni o‘zining fermer xo‘jaligi hisob raqamiga o‘tkazib, o‘zlashtirib yuboradi. Boz ustiga, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgach, sud majlisida ham yolg‘on guvohliklar berishdan uyalmaydi.
Ana shunday kunlarning birida fermer bankir tanishi I.Qayumov bilan murosaga kelolmay, uni o‘g‘li bilan birga go‘yoki qoramol kredit borasida o‘zaro maslahatlashib olish bahonasida o‘z uyiga olib keladi. Ota-bola uni urib-kaltaklab, tan jarohati yetkazishadi. Bu ham kamlik qilgandek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari undan pora talab qilgani yuzasidan tuhmat qilib, tegishli tashkilotlarga arz qilishdan ham orlanmaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudida B.Saidov, o‘g‘li N.Saidov hamda uning jinoiy sherigi I.Qayumovning xatti-harakatlari atroflicha o‘rganib chiqilib, ular turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.
Mavzuga oid
10:45 / 12.05.2026
Fermerlar uchun dizel yonilg‘isi bo‘yicha subsidiya joriy etildi
09:57 / 12.05.2026
Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarga yangi moliyaviy imtiyozlar beriladi
19:10 / 09.04.2026
Yasama jinoyat sudda “sindi”: baxmallik Sanjarning holiga maymunlar yig‘lardi, agar...
09:40 / 06.04.2026