Mashhur murabbiy Arrigo Sakkining bir gapi bor: «Yomon o‘yinlarni kim yutsa, o‘sha chempion bo‘ladi». Ispaniya chempionatining yakunlangan mavsumi bu fikrni to‘la asosladi. «Barselona» o‘zining yomon o‘tkazgan o‘yinlarida ko‘proq ochko yo‘qotdi, «Real Madrid» esa qiyin bahslarida asosiy raqibiga qaraganda ko‘proq ochko yig‘a oldi. Oxir-oqibat, shu jihat «Qirollik klubi»ga orziqib kutilgan chempionlikni taqdim etdi.
La Ligada g‘alaba qozonish murakkab vazifa. Bu chempionatda har bir uchrashuvga jiddiy yondashish talab etiladi. Yo‘qotilgan istalgan ochko hal qiluvchi bo‘lishi mumkin, barqarorlik bo‘lmasa, g‘oliblikni orzu qilib ham bo‘lmaydi. Zayniddin Zidan jamoasi, birinchi navbatda, barqarorlik evaziga bu mavsumda barcha raqiblaridan ustun bo‘ldi. Aynan barqaror o‘yini bilan «oltin dubl» (La Liga va Chempionlar Ligasi g‘olibligi) qayd etishga yaqin turibdi. Bu naqadar murakkab vazifa ekanini madridliklar jamoasi so‘nggi «oltin dubli»ni bundan 59 yil oldin qo‘lga kiritganini eslatish kifoya. Zidan salkam 60 yillik to‘siqni yo‘qqa chiqarishga juda yaqin.
Nega aynan Zidan? «Real Madrid» emas? Madridliklar garchi doimo superklub sanalib kelingan bo‘lsa-da, barcha musobaqalarda birdek kurashadigan jamoa sanalmaydi. Shuning uchun ham «Oltin trebl» (bir mavsumda ham chempionat, ham mamlakat kubogi, ham YeChL g‘olibligi) qayd etgan Yevropaning yetti jamoasi orasida «Qirollik klubi»ni uchratmaymiz. Darvoqe, ushbu mavsumda Zidan jamoasi «oltin dubl» qayd etishga yaqin turgan bo‘lsa, uning YeChL finalidagi raqibi – «Yuventus» Yevropa futboli tarixida «oltin trebl»ga erishgan sakkizinchi jamoa bo‘lishga urinadi.
Zidanga qaytamiz. Futbol afsonasi jamoani qabul qilib olgach, birinchi qilgan ishi – futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratilgan edi. Buni u nafaqat mashg‘ulotlar orqali, balki o‘zining rotatsiyalari orqali ham amalga oshirdi. Murabbiy tarkibdagi barcha shogirdlariga imkon qadar bir xil o‘yin amaliyotini bera oldi. Superklublarda kam kuzatiladigan holat bu. Masalan, Zidanning ustozi sanalgan Anchelotti buning butkul teskarisi edi. U barcha musobaqalarda asosiy tarkibga tayangan holda kurash olib borardi. Balki shuning uchundir, barcha musobaqalarda g‘olib chiqishga jamoaning kuchi yetmasdi. Zidan shogirdlari esa hozir mavsum yakuni ekaniga qaramay, ajoyib jismoniy holatda bo‘lib turishibdi. Butun mavsum davomida shu tempni ushlab tura olishdi ular.
Har safar uning qo‘l ostida tarkibdagi 18 futbolchi tayyor holda turdi – ham jismoniy, ham ruhiy, ham taktik jihatdan. Ularning istalgani istalgan vaqtda jamoasiga foyda bera oldi. Hech biri o‘yinning umumiy suratini buzib qo‘ymadi. Enrikening «Barselona»sida esa buning aksi bo‘ldi. Kataloniyaliklar jamoasi ochko yo‘qotgan ko‘pgina bahslarda aynan ikki-uch nafar rotatsiya vakillarining qo‘pol xatolari qimmatga tushdi.















