Ramazon oyi kirib kelishi bilan ro‘zadorlar uchun turli savollar o‘rtaga chiqadi. Ayniqsa, ayollar orasida. Chunki ayol kishi kosmetika va parfyumeriya vositasini ko‘p ishlatgani uchun, ro‘za vaqtida shu masalada unda turli savollar paydo bo‘ladi. Ramazon oyida kosmetika va parfyumeriya vositalarini ishlatish hukmi qanday? Bu haqda Islom.uz saytida javob berilgan.
SAVOL: Ro‘zador odam yuzni parvarishlash maqsadida yuziga krem surishi mumkinmi? Buning ro‘zaga zarari yo‘qmi?
JAVOB: Ro‘zador odamning yuzga krem surishi joizdir. Buning ro‘zaga zarari yo‘q. Chunki u badanning ustiga suriladi, u ichga kirmaydi. Ro‘za esa ichga kirgan narsalarga buziladi. Agar badandan so‘rilsa ham, odatdagi joylardan kirmaganligi uchun ro‘zani ochmaydi.
SAVOL: Ro‘za holatda atir ishlatish mumkinmi? Gul va shunga o‘xshash xushbo‘yliklarni hidlashchi?
JAVOB: Ro‘zada atir ishlatish durust. Gul hidlash ro‘zani ochmaydi. Anas ibn Molik raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan “Ro‘zador odam o‘pishi mumkinmi?” deb so‘raydi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Buning rayhon gulini hidlagandek zarari yo‘q”, deydilar. (Tabaroniy rivoyati). Demak, gul hidlash o‘pish kabi ro‘zani ochmas ekan. Faqat ud, anbar va shunga o‘xshash o‘tga tashlaganda hid chiqaradigan xushbo‘yliklarning tutunini ichga kiritsa, ro‘zani ochadi. Shuningdek, ro‘zada isiriq tutatib, tutunni ichga kiritsa ham ro‘za ochiladi. Imom ash-Shurunbuloliy: “Odamlarning ko‘pchiligi bundan g‘ofildirlar. Ularni ogohlantirish kerak, chunki, ular atir bilan udu anbar tutunini bir xil deb o‘ylaydilar”, degan. (“Mavsu'at ul-fiqhiyya”).
SAVOL: Ro‘zador holatda sochni bo‘yash, xina bilan yuvish mumkinmi? Sochni bo‘yashning namozga, tahoratga ziyoni bormi?
JAVOB: Ro‘zador holatda sochni bo‘yash va xina qilishning ro‘zaga zarari yo‘q. Chunki u ko‘zga surma qo‘ygandek, ro‘zaga aloqasi bo‘lmagan amaldir.
Soch bo‘yog‘i oddiy rang bo‘lgani uchun namoz, aniqrog‘i, tahoratga ziyoni tegmaydi. Chunki u suv o‘tkazadigan narsadir. Binobarin, tahorat xina qilingan soch bilan ham komil bo‘laveradi.
SAVOL: Ro‘zador odam ko‘ziga surma surishi mumkinmi? Bu ishning joizligi haqida dalillar bormi?
















