25 may kuni «Hilol-nashr» markaziy savdo majmuasida ushbu nashriyotda chop etilgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Shaytanat» romani (2 jildli qayta nashri) va «Doka ro‘mol qachon quriydi» kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tgan edi. Uchrashuvda Tohir Malik muxlislarning savollariga atroflicha javob berib, qimmatli maslahatlar berdi.
“Badiiy adabiyot bilan diniy ilm birlashmas ekan, biz hali ko‘p adashib yuramiz. Badiiy adabiyotdagi bu adashishlar yoshlarni ancha noumid qilib qo‘yishi mumkin”.
“Bir zamonlar o‘zbek xalqini dindan chiqarishda o‘zbek ziyolilari peshqadam bo‘lgan edilar. Endi haq dinga qaytarishda ham ziyolilarimiz peshqadam bo‘lishlari shart. Ular o‘tib ketdilar. Endi bizning avlod ularning xatolarini tuzatishimiz shart”.
“Bir mamlakatning dinini bilish uchun har xil komissiyalar tashkil etib, o‘rganish shart emas. Shu mamlakatning ayollariga qaralsa bo‘ldi”.
“Bir kishi “Shaytanat”ning 5-kitobi haqida tanqid qilib, “Kitob yaxshi bo‘libdi-yu, diniyroq bo‘lib qolibdi”, dedi. Men unga: “Bu kitobning kamchiligi emas, fazilati” deb javob berdim”.
“Tarixiy asar yozish uchun tarixning o‘zini bilish yetarli emas. O‘sha tarixning ruhiga ham kirish kerak. Islomni yaxshi bilish kerak. Aks holda asar qahramoni 5 rakaat namoz o‘qiydi. Bir muallif o‘lgan ayolning dafn marosimini tasvirlabdi. Qabristonda o‘sha ayol haqida: “Falonchi opamiz qanday odam edilar?” deb so‘rashadi. Baraka topgur, ayol kishi dafn marosimida bunday so‘ralmaydi. Chunki janozaga erkaklar boradi. Aksariyati marhumani ko‘rmagan, bilmaydi. Qanday qilib o‘sha ayol haqida guvohlik berish mumkin?”
“Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf prototip bo‘lgan badiiy asar yozmoqchiman. Bu xotira yoki xronika bo‘lmay, XX asrning ikkinchi yarmidagi O‘zbekistondagi diniy ahvol, ulamolarning taqdirlari haqida hikoya qiluvchi badiiy asar bo‘ladi”.

















