Qonun hujjatlarining ta'sirini baholash tizimi portalida «Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga tuzatishlar kiritish loyihasi joylashtirilgan.
Unga ko‘ra, yadroviy poligonlarda va boshqa radiatsion-yadroviy obektlarda harbiy xizmatni o‘tagan kishilarga O‘zbekistonda transportdan bepul foydalanish huquqini taqdim etish nazarda tutilgan.
Ayni vaqtda mamlakatda yadroviy poligonlarda va boshqa radiatsion-yadroviy obektlarda harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolar soni 254 kishini tashkil etadi.
Moliya vazirligi qoshidagi Byudjyetdan tashqari pensiya jamg‘armasi ma'lumotiga ko‘ra, ulardan 103 nafari (42 nafari Toshkent shahrida istiqomat qiladi) - yosh bo‘yicha yoki nogiron pensionerlardir.
«Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida»gi qonuniga ko‘ra shahar yo‘lovchilar transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega toifalar:
- 1941—1945 yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan bo‘lmish harbiy xizmatchilar;
- 1941—1945 yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaxs;
- 1941—1945 yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy xizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaxslar;
- Afg‘oniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalminalchi jangchilar jumlasidan bo‘lmish fuqarolar;
- haqiqiy muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va kontrakt bo‘yicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchilar;
- Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaxslar;
- ko‘zi ojiz nogironlar va ko‘zi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs egadir.















