Jamiyat | 12:28 / 07.06.2017
6806
2 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilda 1290 ta oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Foto: O‘zA

Joriy yilgi mavsum davomida respublika miqyosida jami 1290 ta oromgoh, shu jumladan,  214 ta statsionar turidagi, 936 ta kunduzgi, 140 ta «Mehnat va dam olish» oromgohlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu oromgohlarda jami 294 ming 351 nafar bola sog‘lomlashtiriladi. Ularning 154 ming nafardan ortig‘i statsionar, 140 mingdan ziyodi  kunduzgi oromgohlarga jalb etiladi. Ushbu maqsadlar uchun jami  52,3 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

Joriy yilgi mavsumda 2017 yilgi Manzilli dasturga muvofiq Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 2 ta yangi oromgoh – Surxondaryo viloyatida “Amudaryo”, Xorazm viloyatida “Avtomobilchi”  bolalar sog‘lomlashtirish maskani qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Orolbo‘yi mintaqasidan 4,5 ming nafar bola Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi so‘lim va bahavo oromgohlarda bepul dam oldiriladi. Kasaba uyushmalari tomonidan ijtimoiy himoyatalab oilalardan bo‘lgan 40 ming nafar bola jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali bepul va imtiyozli sog‘lomlashtiriladi. Shuningdek, Mehribonlik uylarining 1950 nafar tarbiyalanuvchisi hamda 50 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar bepul yo‘llanma bilan ta'minlanadi. 2 ming nafar ona-bolalar kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda salomatligini mustahkamlaydi. 

Bundan tashqari, Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlaridagi 500 nafar bola Navoiy kon-metallurgiya kombinatining, Jizzax viloyatidagi 100 nafar bola «Jizzax akkumulyator zavodi» AJning homiylik mablag‘lari hisobidan sog‘lomlashtiriladi.

Mavzuga oid