Jamiyat | 10:34 / 08.06.2017
3948
3 daqiqa o‘qiladi

Chexiya parlamenti 2019 yildan boshlab mo‘yna olish uchun jonzotlarni ko‘paytirishni taqiqladi

Foto: RIA Novosti

Chexiya parlamenti 7 iyunda 2019 yil yanvari oxiridan mo‘yna olish maqsadida jonzotlarni ko‘paytiruvchi firmalar faoliyatini taqiqlash haqidagi qonunni qabul qildi. Bu haqda Chexiya televideniyesi xabar bermoqda. 

"Bu biznes 21-asr me'yorlariga javob bermaydi", deb aytdi qonun loyihasi tashabbuschilaridan biri Yirji Koubek.

Qonun loyihasini uzoq bahs-munozaralardan keyin 161 deputatdan 132 nafari qo‘llab-quvvatlagan. Qonunda "jonzotlarni mo‘ynasini olish uchun ko‘paytirish va o‘ldirish taqiqlanishi" aytilgan. Faqatgina quyon va nutriyalarni ko‘paytirish bu taqiqlovdan mustasno etilgan.

"Bugun qishloq xo‘jaligi vazirligi qarshiligiga qaramasdan, birinchi marta hayvonlar holati bo‘yicha real o‘zgarish kiritishga muvaffaq bo‘lindi", deb aytdi deputatlardan biri Marek Vorshilka. U parlament binosi yonida qafas o‘rnatib, barcha istovchilarga jonzotlar tutqunlikda o‘zlarini qanday his qilishlarini o‘z boshlaridan o‘tkazib ko‘rish uchun unda o‘tirib ko‘rishni taklif qildi.

Ba'zi deputatlarning aytishicha, ularga televideniye orqali Chexiyadagi mo‘yna oluvchi firmalardan birida tulkilar o‘ldirilayotgani namoyish qilingan hujjatli film qattiq ta'sir qilgan.

"Bunday lavhalardan keyin mo‘yna oluvchi firmalar faoliyatiga qarshi ovoz bermaslikning ilojisi bo‘lmadi. Men ayollar bosh kiyimidagi bir popuk deb hayvonlar o‘lishi va aziyat chekishini kechira olmayman",  deb aytgan Chexiya parlamentining atrof-muhitni saqlash qo‘mitasi rahbari Robin Byonix.

Chexiyada mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarish asosan 9 ta yirik firmada mujassamlashgan. Bu firmalarda tulki va norkalar ko‘paytiriladi. Har yil mo‘yna olish maqsadida 20 mingga yaqin jonzot yo‘q qilinadi. Bu firmalar egalari yangi qonun ustidan arz qilishmoqchi, chunki qonun hozircha parlament yuqori palatasi a'zolari tomondan ma'qullanmagan va Chexiya prezidenti tomondan imzolanmagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid