O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyeyov 2017 yil 15 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishni yanada rivojlantirish chora tadbirlari haqidagi qarorni imzoladi. Qarorning rus tilidagi to‘liq matni prezidentning rasmiy saytida e'lon qilingan.

Qaror matniga ko‘ra, u Respublikamizda yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yilqichilarning yangi avlodini tayyorlash va tarbiyalash, milliy ot sportining xalqaro nufuzini oshirish, ot sportini aholining keng qatlamlari, ayniqsa yoshlar orasida faol targ‘ibot qilish va ommalashtirish maqsadida qabul qilingan. 

O‘zbekiston ot sporti federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi davlat jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi, O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasining O‘zbekiston ot sporti federatsiyasi faoliyatini mukammallashtirish uni O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, deya qayta nomlash haqidagi takliflari ma'qullangan. 

Yangilangan federatsiyaning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat qilib belgilanmoqda (qisqacha — tahr.): 

- yilqichilik tashkilotlari va xo‘jaliklariga yilqichilikda naslchilik ishlarini mukammalashtirish orqali Qorabayir va Axalteka zotli otlarning, shuningdek, yuqori qiymatli sport otlarining boshini ko‘paytirish;

- xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rgangan holda nasldor sport otlari va xizmat otlari yetishtirishning zamonaviy usullarini tashkillashtirish;

- chavandozlarning yosh avlodini tarbiyalash maqsadida ot sporti bo‘yicha milliy musobaqalarni tashkillashtirish va o‘tkazish, shuningdek, milliy ot sportining xalqaro nufuzini oshirish;

- ot sportiga oid bolalar sport maktablari, seksiyalari va klublari tarmoqlarini kengaytirish, yuqori malakali hakamlar, veterinar va taqachilarni tayyorlash va qayta o‘qitish.

Sohaning moliyaviy muammolarini muntazam hal qilish maqsadida yilqichilik va ot sportini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Fondning mablag‘lari ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, Federatsiya moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, hakamlar, veterinarlar, taqachilarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ularning tajriba almashishi va kasbiy mahoratini yuksaltirishi, shuningdek, sportchilar, murabbiylar, zootexniklar va yilqiboqarlarning moddiy va ijtimoiy tomondan qo‘llab-quvvatlanishiga yo‘naltiriladi.