16 iyun kuni, nihoyat, men anchadan buyon kutgan xabar mujda berdi: davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 78-umumta'lim maktabini borib ko‘rar ekan «maktab bilan kollejlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, xususan, ushbu maktabda tajriba sifatida 11 yillik ta'limni qayta tiklash, uning qoshida o‘quv-kasb korxonasi tashkil etish zarur»ligini ta'kidladi.
Xo‘sh, nima uchun men buni shunchalik kutgandim, aholi ichida ko‘proq yurishim va qolaversa kasbim taqozosi yuzasidan bilamanki, 11 yillik ta'limning qaytishini aksariyat fuqarolarimiz intizorlik bilan kutishyapti. Nega? Nima uchun? Bu savollarga javoblar shu qadar ko‘p va xilma-xilki shu maqola tugal bo‘lishi uchun endi bir boshidan o‘z fikrlarimni yozmasam bo‘lmas.
Aslida, bu fikrlar yuqorida aytganimdek, ko‘pchilikning boshida bor, buning uchun oliy ma'lumotli yoki alohida iqtidorga ega bo‘lish shartmas. Ammo achchiq haqiqat shundaki, men ham ko‘pchilik kabi shu vaqtgacha haqiqat ko‘ziga tik qaray olmadim. Natijada esa ko‘p narsa yo‘qotdik, ha, juda ko‘p narsa — butun bir avlodni yo‘qotdik. Aniqroq aytish ham mumkin, odob-axloq yemirildi, yoshlar o‘rtasida bir necha salbiy ko‘rsatkichlar, jumladan, jinoyatchilik ham ortdi, voyaga yetmagan g‘o‘r yoshlar ilk marta o‘qishga kirishdagi va baholashdagi tamagirlikni hamda bandlikni ta'minlashdagi ko‘zbo‘yamachilikning bevosita guvohiga aylanishdi, bu ularni murg‘ak ongida qanchalik asorat qoldirganini o‘ylashning o‘zi dahshat.
Aynan shu tizim 9-sinf bitiruvchilarining emas ularning ota-onalari o‘rtasidagi xudbinlarcha raqobatni kuchaytirdi. Bugun akademik litseylar yoki xalq ichida sal obro‘ qozongan kasb-hunar kollejlarining o‘quvchilarini o‘qishga kirishida ularning bilimi emas, ota-onasining puli yoxud «tanka»si hal qiluvchi rol o‘ynayotganligini barcha allaqachon tushunib yetgan. Eng dahshatlisi nima, bilasizmi? Bu ko‘zbo‘yamachiliklar haqida o‘sha hali voyaga yetmagan, hali shaxs sifatida to‘liq shakllanmagan murg‘ak qalblar juda ko‘p narsani bilishadi. Ertaga bu yoshlardan nima kutish mumkin?
Qolaversa, bu tizim fuqarolarga million-million, davlat g‘aznasiga esa milliard-milliard zarar yetkazayotgani, xalqimizning peshona teri bilan topilayotgan katta-katta mablag‘lari havoga sovurilayotgani endi yana bir mavzu, ammo xalqimizda ma'naviyat moddiyatdan doim ustun sanalgani uchun bu mavzuga chuqur kirib o‘tirmayman.
Modomiki, bu masala nihoyat rahbariyatni ham tashvishga sola boshlagan ekan, hech bo‘lmasa endi bu tizimdagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashimiz kerakdek, nazarimda. Shu maqolani tayyorlash jarayonida ekanman, hukumat topshirig‘i bilan xalq ta'limi vazirligi mutasaddilari tomonidan huddi shu masalaga nisbatan ota-onalarning munosabati o‘rganib chiqildi, natijalari e'lon qilindi, natija quvonarli, lekin men kutgandek emas.














