Bugun bizni iztirobga solayotgan, jamiyatimizga, yoshlarimizning dunyoqarashiga tom ma'noda zaharli zarba berayotgan illatlar tobora ildiz otib bormoqda. Ularning payini qirqish, jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish maqsadida mutassaddi idoralar tomonidan aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot va tashviqot ishlari qaysidir ma'noda besamar o‘tmoqda. Sababi shundaki, taassuf, oramizda aysh-ishrat, kayf-safo, ichkilikbozlikka mukkasidan ketgan, inson qiyofasidagi benomuslar, oriyatsizlar uchrab turibdi. 

Pul, boylik, mol-dunyo ilinjida or-nomusi, g‘ururi, sha'n va qadr-qimmatini bozorga solib, bu insoniy sifatlarni shahvoniy maqsadlarda arzon chaqaga sotayotgan, halol va haromning farqini mutlaqo unutgan qo‘shmachilar soni ortib bormoqda. Ular o‘zlarining yashash xonadonlarini pinhona uchrashuvlar va ko‘ngilxushliklar uchun qulay bo‘lgan «ishq maskani»ga aylantirganlar. Hatto, ishqiy munosabatlar avj olgan go‘shada ulg‘ayayotgan farzandlarining ko‘z oldida tassavvur etib bo‘lmaydigan jirkanch vaziyatlarni yaratib, arzimagan moddiy manfaatni deb yoshgina bolakay yoki qizaloqlarning tarbiyasiga ham salbiy ta'sir etmoqdalar. 

Bunday deyishga asosimiz ham yetarli. Buxoro viloyati IIB xodimlarining viloyat hududida olib borgan tadbirlari davomida yuqorida tilga olganimiz kabi yengil-yelpi hayotga ruju' qo‘ygan o‘ndan ortiq «er-xotinlar» ayni xiyonat ustida, farzandlari, oilalari sha'ni va qadr-qimmatini bulg‘agan holda zinoga berilgan vaqtlarida, ularga sharoit yaratib berayotgan qo‘shmachilar esa, haromdan kelgan daromaddan cho‘ntagini qappaytirgan paytning o‘zida qo‘lga olinganlar. 

Boshqalardan sir saqlagan, pinhona muhabbatiga sazovor bo‘lgan bekasi bilan qorovulxonada ko‘ngilxushlik qilishni joiz deb bilgan Mirshod Komilov ko‘ngil mayliga qarshi bormaganlardan. U hali bo‘ydoq bo‘lishiga qaramay, oilali xonimga ishqi tushib qoldi. Ko‘cha-kuyda ko‘rganida nimalarnidir bahona qilib, bir-ikki bor hamsuhbat bo‘lganida sezdiki, Rohat Mangliyeva ham gulday farzandi bo‘la turib unga befarq emas. Xullas, Jondor shahridagi tuman DSENM qorovulxonasi ular uchun xilvat go‘shaga aylandi. Buning uchun Fayzullo Oqmatov ismli qorovulga 10 000 so‘m kifoya qildi. Ammo o‘sha oqshom bir-birining visoliga tashna «oshiq-ma'shuq»ni birozgina bezovta qilishga to‘g‘ri keldi. Uyat zo‘ridan qo‘llari bilan yuzini berkitib olgan kelinchakning ahvolidan faqat nafratlanasan kishi.

Jondor tumanida qorovullar qo‘shmachilikda kim o‘zarga bir-biri bilan bahs boylashgan shekilli, Niyoz Hoji QFY hududidagi “Ali Noz Plyus” MChJ qorovuli Umed Davronov ushbu MChJning qorovulxonasini atigi 5 000 so‘m evaziga “sevishganlar”ga bo‘shatib berdi. Islom Sultonov Kogon shahrida Komila Fayziyeva bilan tanishib u bilan ko‘ngilxushlik qilish uchun Jondorgacha bo‘lgan masofani “visol ilinjida” nazar-pisand qilmadi. Ammo ularning “visol kechasi”ga ichki ishlar idoralari xodimlari xotima yasadilar. Qorovul amaki esa arzimagan pul uchun javobgarlikka tortilib, o‘zi ishlab turgan ishxonadan yuzi shuvut holda haydaldi.