Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi Uchtepa tumaniga tashrif buyurishi va ushbu safar chog‘ida ta'lim tizimidagi ishlarga baho berishi, jumladan, 11 yillik tizimni qayta tiklash borasida bildirgan fikri jamiyat tomonidan iliq kutib olindi, desak mubolag‘aga yo‘l qo‘ymagan bo‘lamiz. Xususan, ushbu mavzu yuzasidan ommaviy axborot vositalarida bildirilayotgan fikrlar ham rang-barang tus olmoqda. Har kim o‘z fikrini bildirishga oshiqmoqda.

Kun.uz tomonidan ham mazkur mavzu tilga olingan bir qancha tahliliy maqolalar e'lon qilindi. Ana shunday maqolalardan biri «Yo‘qotilgan avlod yoxud 11 yillik ta'lim tizimi atrofida kechgan o‘ylar» sarlavhasi ostida berilgan bo‘lib, unda bu tizimning ijobiy tomoni haqida so‘z boradi. Kuni-kecha tahririyatimizga kelib tushgan maktublardan birida ushbu maqolaga o‘ziga xos tarzda raddiya bildirilgan. 

“Assalomu alaykum! Men doimiy ravishda Kun.uz saytini kuzatib boraman. Bugun ham sayt yangiliklarini kuzata turib, «Yo‘qotilgan avlod yoxud 11 yillik ta'lim tizimi atrofida kechgan o‘ylar» sarlavhali maqolaga ko‘zim tushdi.

Qiziqib, maqolani o‘qib chiqdim va ochig‘ini aytganda, jahlim chiqdi. Maqola muallifi maqola boshida bu barchasi uning o‘z shaxsiy fikrlari ekanligini bildirgan bo‘lsa-da, lekin maqola orasidagi ayrim jumlalarda «barchaning fikri aslida shunday», ma'nosidagi gaplar e'tiborimni tortdi va men bu fikrlarga o‘z e'tirozimni bildirmoqchiman. 

Jumladan, maqola muallifining «Ammo achchiq haqiqat shundaki, men ham ko‘pchilik kabi shu vaqtgacha haqiqat ko‘ziga tik qaray olmadik. Natijada ko‘p narsa yo‘qotdik, ha, juda ko‘p narsa — butun bir avlodni yo‘qotdik. Aniqroq aytish ham mumkin, odob-axloq yemirildi, yoshlar o‘rtasida bir necha salbiy ko‘rsatkichlar, jumladan, jinoyatchilik ham ortdi, voyaga yetmagan g‘o‘r yoshlar ilk marta o‘qishga kirishdagi va baholashdagi tamagirlikni hamda bandlikni ta'minlashdagi ko‘zbo‘yamachilikning bevosita guvohiga aylanishdi, bu ularning murg‘ak ongida qanchalik asorat qoldirganini o‘ylashning o‘zi dahshat», degan so‘zlariga quyidagi e'tirozimni bildirmoqchiman: 

Aslida, siz va boshqalar maktab ta'limi yana 2 yilga uzayganidan emas, o‘zingiz o‘qigan, ko‘nikkan ta'lim tizimi qayta tiklanayotganidan xursandsiz, xolos. Siz va boshqalar 11 yillik ta'lim orqali erishish mumkin bo‘lgan natijalarga emas, yoshlik paytlaringiz esingizga tushgani, 1-sinfdan to 11-sinfgacha bitta yerda «tosh qotib» o‘tirganlaringiz xotirasi jonlanganidan shodlanib ketgansiz.