O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi xalqaro hamjamiyat, jumladan dunyoning turli mamlakatlari sayyohlarining e'tiborini tobora jalb qilib kelmoqda. So‘nggi yillarda xorijlik sayyohlarning O‘zbekiston haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishishi o‘ziga xos an'anaga aylanmoqda. 

Yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib qaytgan isroillik sayyoh  «The Jewish Chronicle» nashrida yurtimizning qadimiy shaharlariga doir taassurotlari bilan bo‘lishdi. Xususan, maqolada ta'kidlanishicha, ajoyib arxitektura, betakror hunarmandchilik turlari, dunyodagi eng chiroyli metro stansiyalari va yana ko‘p jihatlar yozuvchini befarq qoldirmagan. 

"Sir-asror va sehrga to‘la afsonaviy Samarqand shahri meni o‘ziga maftun qildi. Shaharning eng mashhur maydoni tovlanuvchi gumbazlar va feruzarang minoralari bilan ko‘kish yoqut nurlarida cho‘miladi.

Sayyohlar bir necha asrlar davomida Ipak yo‘li romantikasiga oshufta bo‘lib kelishgan, ziravorlar va xazina boyliklarini Sharqdan G‘arbga tashiyotgan karvonlardan ilhom olishgan. Iskandar Zulqarnayn, Chingizxon va Marko Polo kabi ulug‘ tarixiy shaxslar nomi ushbu ajoyib o‘lka bilan bog‘liq. Endi esa yangi avlod sarguzashtsevarlari o‘z shaxsiy ixtirolarini amalga oshirish istagida bu maskanga shoshilishadi. 

Bugun, takomillashtirilgan infratuzilma tufayli YuNeSKO merosiga kiruvchi arxitektura mo‘'jizalarini tomosha qilish ancha oson bo‘lib qoldi. Yetakchi turagentliklaridan birida Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi bo‘ylab turistik sayohatlarni band qilish ko‘rsatkichlari shu yilning o‘zida 150 foizga oshdi. 

Sovet Ittifoqi tarqalganidan so‘ng 1991 yilda mustaqil davlat deya e'lon qilingan O‘zbekiston tarixi bugunga qadar ko‘p asrli an'analarini saqlab kelmoqda. Toshkent shahri markazidagi maydonlardan birida rang-barang liboslardagi raqqosalar childirma sadolari ostida raqs tushishadi. Bu o‘zida boy meros hamda zamonaviy tendensiyalarni uyg‘unlashtirgan mamlakatni boshqalardan ajratib turuvchi jihatdir. 

Sayohatlarning aksariyati 1966 yilgi kuchli zilziladan keyin katta qismi vayron bo‘lgan poytaxtga tashrif bilan boshlanadi. Bugun bu kontrastlar shahri - bu yerda zamonaviy binolar XVIII asr arxitekturasi va maydonlari bilan yonma-yondir.

Shahar «O‘zbekiston» mehmonxonasidan tashqari yer ostida ham sovet me'morchiligining asl durdonalarini saqlab keladi. Shahardagi 1970-yillarda qurilgan va dunyodagi eng ko‘rkam hisoblanuvchi metro tizimi meni hayratga soldi. Naqshlar va qandillar bilan bezatilgan metro bekatlari bir-biridan keskin farq qiladi, ularni bizning metro bilan taqqoslaganda bizning bekatlarimiz ancha didsiz va ko‘rimsizdir.