O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida tashkilot faoliyatidagi kamchiliklarga to‘xtalib o‘tdi. 

"Ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi vaqtda “Kamolot”ning 4 millionga yaqin a'zosi bor. Bu mamlakatimizdagi 10 milliondan ziyod yigit-qizlarning 40 foizini tashkil etadi.

Bir qarashda, 4 million – salmoqli raqam bo‘lib ko‘rinadi. Lekin xolisona aytganda, tashkilotga a'zolik ko‘p hollarda faqat qog‘ozda mavjud, amalda esa aksariyat a'zolar “Kamolot” to‘g‘risida aniq tasavvurga ega emas, uning maqsad va vazifalarini bilmaydi, o‘z yetakchilarini tanimaydi, Harakat faoliyatida ishtirok etmaydi.

Natijada yurtimizdagi minglab yoshlar, ayniqsa, qishloq joylarda nafaqat “Kamolot”ning, ayni vaqtda davlat va jamiyatning e'tiboridan chetda qolmoqda. Ular bilan hech kim deyarli shug‘ullanmayapti, ular o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, desak, achchiq haqiqatni tan olgan bo‘lamiz.

Buning oqibatida uyushmagan, ya'ni, ishlamaydigan, o‘qimaydigan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan, salbiy ta'sirlarga beriluvchi yoshlar soni ortib bormoqda.

Yoshlar o‘rtasida jinoyat sodir etish, diniy ekstremistik oqimlarga, terrorchi guruhlarga qo‘shilib qolish holatlari ko‘payib borayotgani kuzatilmoqda.

2016 yilda yoshlar ishtirokida 1 million 740 mingga yaqin huquqbuzarlik, 23 ming 440 ta jinoyat sodir etilgani, yosh oilalar o‘rtasida 8 mingdan ortiq ajralish holati qayd etilgani barchamizni jiddiy tashvishga solishi kerak.

Albatta, bu borada hamma aybni faqat “Kamolot”ga yuklab qo‘yish adolatdan emas. Bu masalada mahalliy hokimliklar, ichki ishlar bo‘limlari, prokuratura, sud, mahalla idoralarining ham aybi bor.

Ayni vaqtda bu masalada yoshlar bilan doimo hamnafas, hamfikr bo‘lib yashashi, ishlashi kerak bo‘lgan “Kamolot” va uning joylardagi bo‘linmalarining mas'uliyati ko‘proq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

“Kamolot” faoliyatidagi bunday kamchiliklarning albatta obektiv va sub'yektiv sabablari bor.

Obektiv sabablar shundan iboratki, biz o‘z vaqtida “Kamolot”ni jamoat tashkiloti sifatida tuzib, lekin undan katta bir vazirlik vazifasini talab qila boshladik. Unga juda keng, ulkan vazifalarni topshirdig-u, ammo ularni bajarish uchun zarur huquqiy va amaliy vakolatlar, tegishli imkoniyat va imtiyozlar yaratib berish haqida, afsuski, yetarlicha bosh qotirmadik.

Oqibatda “Kamolot” yoshlar hayoti bilan bog‘liq hamma narsaga javob beradigan va ayni paytda hech narsaga javob bermaydigan, mo‘rt va zaif bir tuzilmaga aylanib qolganini bugun qanchalik og‘ir bo‘lmasin, e'tirof etishimiz kerak.