Kuni-kecha O‘zbekistondagi internet nashrlarda Qashqadaryo viloyatida sodir bo‘lgan shov-shuvli voqea – shifokorlar yosh bolani joni uzildi, deb onasiga berishgani, bolani uyga olib ketishgani, uni dafn etish marosimida bola “tirilgani” haqida maqola paydo bo‘ldi. Maqolada tilga olingan bemor bolaning yaqinlari – uning buvisi va onasi bu vaziyatga shifokorlarni ayblashgan, ularning mas'uliyatsizligi, sansolarligi va o‘z kasbini puxta bilmasligini vaj etib ko‘rsatishgan.
Ushbu voqea yuzasidan Kun.uz muxbiri Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘lim boshlig‘i I.Ro‘ziyev bilan bog‘landi. Shifokor bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:
“2017 yilning 14 may kuni tug‘ilgan bemor Rashidov Muhammad VBKTTM chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limiga o‘ta og‘ir holatda: «Homila ichi infeksiyasi, sepsis, etiologiyasida Stafilokokkus aurius. Markaziy nerv sistemasini perinatal zararlanishi, chaqaloqlar gemolitik kamqonligi, ichaklar falaji» tashxisi bilan yotqizildi. Bemorga kerakli tekshiruv va davo muolajalari o‘tkazildi.

Kasallik tarixidan ma'lum bo‘lishicha, bola birinchi homiladan birinchi farzand, qiynalib tug‘ilgan. Bemor bolaning ota-onasida TORCh infeksiya aniqlangan. Shifoxonaga yetguncha yashash joyida poliklinika vrachi nazoratida bo‘lib, essentsiali va glyukoza olgan”.
Shifokorning ma'lum qilishicha, 2017 yilning 28 iyun kuni Muhammadga «Yarali nekrotik entrakolit, ichaklar perforatsiyasi, peritonit» tashxisi qo‘yiladi va onasi hamda buvisiga kasallikning og‘irligi, o‘tkaziladigan operatsiya xavfi to‘g‘risida tushintiriladi. Bemorning onasi va buvisi operatsiyaga rozilik tilxati berishadi.
“Operatsiya vaqtida bemorning ichaklarida teshilgan nekrotik yaralar, tarqalgan najasli peritonit aniqlanib, patologik o‘zgarishlar bartaraf qilindi”, dedi shifokor I.Ro‘ziyev.
Operatsiyadan keyingi Muhammadga “Yarali nekrotik gangrenoz total enterokolit. Ichaklar yaralarini perforatsiyasi tarqalgan – yiringli - najasli - fibrinli peritonit. Ileostoma operatsiyadan keyingi holat”, tashxisi qo‘yiladi.
Shundan so‘ng bemorning onasi va buvisiga bajarilgan operatsiya haqida tushintiriladi. Ana shu yerda, kutilmagan voqea yuz beradi. Bemorning onasi va buvisi “bolani olib ketamiz”, deb tilxat yozishadi va 2017 yilning 28 iyun kuni soat 19:40 da Muhammadni shifoxonadan uyga olib ketishadi. Biroq oradan ikki soat o‘tgach, bolani o‘ta og‘ir ahvolda qaytarib olib kelishadi va reanimatsiya bo‘limiga joylashtirishadi.

















