Natalya Andakulova – asli samarqandlik, Dubaydagi shaxsiy art-galereya sohibasi Kommersant.uz’ga BAAdagi san'at bozori va Amirliklarda biznes yuritishning jihatlari haqida so‘zlab berdi.

Andakulova Gallery BAA aholisi va mehmonlarini Markaziy Osiyo san'ati bilan tanishishga undaydi. Bu O‘rta Sharqdagi mana shunday konsepsiyaga ega yagona galereyadir. Natalya galereyani 2012 yilda tashkil etgan va o‘tgan besh yil ichida bu sohada dovrug‘ qozonishga muvaffaq bo‘ldi: Andakulova Gallery vernisajlari va madaniy tadbirlariga san'at ixlosmandlari katta qiziqish bildiradilar, ularni Wall Street Journal, Financial Times, The National kabi nashrlar yoritadilar.

Natalya Andakulova Samarqand me'moriy yodgorliklari qurshovida katta bo‘ldi. Qadimiy shahar obidalari, ulardagi nashqlar, xatotlik namunalari yosh qiz qalbida san'atga nisbatan muhabbat uyg‘otdi. Navoiy davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakultetida o‘qishi davomida Natalya tasviriy san'atdan saboqlar oldi, ko‘rgazmalar, musavirlar ustaxonalariga ko‘p qatnadi. Aniq fanlarga bo‘lgan qiziqish san'atga bo‘lgan ishtiyoq bilan uyg‘unlashib ketdi va… san'at baribir ustun keldi: “Informatika” yo‘nalishida magistraturani yakunlab, Natalya Londonga yo‘l oldi, u yerdagi Christie’s Education – mashhur kim oshdi uyi qoshidagi ta'lim muassasasining “Art-biznes” kursida ishtirok etdi. San'at tarixi, art-biznes va zamonaviy san'at sohalari bilimdonlarini yetishtiruvchi bu muassasa filiallari Nyu-York, Hongkong, Dubay va boshqa yirik shaharlarda ham mavjud.

Bugungi kunda Natalya galereyaga rahbarlik qilishni (bu tinimsiz safarlar, monitoring, muzokaralarni qamrab oladi) I.Ye. Repin nomidagi Peterburg davlat rassomchilik, haykaltaroshlik va me'morchilik akademik institutining “San'at tarixi va nazariyoti” fakultetida sirtqi o‘qish bilan uyg‘unlikda olib bormoqda.

Nega Dubay?

– Galereya ochish g‘oyasi qanday tug‘ilgan?

– Galereya – bu mening ilk va, hozircha, yagona ish joyim. Asosiy g‘oya O‘rta Sharq san'at ixlosmandlarini Markaziy Osiyo musavvirlari bilan tanishtirish istagi bo‘lgan. Bizda ko‘plab ist'yedodli rassomlar bor, ularning ijodlariga bu mintaqada ham qiziqish katta bo‘lib chiqdi. O‘zbekistonda o‘ziga xos milliy tasviriy san'at mavjud: bu kuchli maktab va tabiatimiz hamda boy tariximizga asoslangan, ranglarga ajoyib yondashuvning uyg‘unligidir. Dubayda ibn Sino, Xorazmiy, Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Amir Temur kabi ajdodlarimizni yaxshi biladilar. Lekin men va mening galereyam uchun zamonaviy san'atni namoyish etim muhim.