Jamiyat | 17:50 / 13.07.2017
12308
2 daqiqa o‘qiladi

Tarixda ilk marta ayol kishi Iran Air’ga rahbar bo‘ldi

Eronning Iran Air aviakompaniyasiga Farzona Sharofbofiy bosh direktor etib tayinlangan. Bu lavozimda u oldingi rahbar Farhod Parvarishning o‘rnini egallagan, deb yozadi Tehran Times gazetasi .

Bungacha Sharofbofiy kompaniyaning tadqiqot departamenti bosh direktori lavozimida ishlagan. Shunday qilib, u Eron aviakompaniyasini boshqargan tarixdagi ilk ayol rahbar bo‘ldi. 

Bundan tashqari, Sharofbofiy Erondagi aerokosmik texnologiyalar sohasida doktorlik ilmiy unvonini qo‘lga kiritgan ilk ayol ham hisoblanadi. Uning qo‘l ostida aviatsiyaga oid bir necha loyihalar va o‘quv kurslari ishga tushirilgan.

Iran Air dagi lavozimini tark etayotgan Farhod Parvarish endi Monreal (Kanada)da joylashgan Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) da Eronning vakili bo‘lib ishlaydi.

Iran Air — Erondagi eng yirik aviatashuvchi hisoblanadi. Kompaniyaning bosh qarorgohi Tehronda joylashgan va u mamlakat ichiga va xorijga parvozlarni uyushtiradi. 2017 yil boshiga Iran Air Yevropa va Osiyoning 56 shahriga parvozlar tashkillashtirgan.

Mavzuga oid