Yoz oyida chet elda dam olishni rejalashtirdingizmi? O‘zingiz bilan voyaga yetmagan farzandingizni ham olib ketishni istaysizmi? U holda tayyor turing, oldinda sizni ko‘plab chig‘iriqlar qarshi oladi. 

O‘tgan kun bir yarim yoshdagi o‘g‘lim uchun "kinder" pasport olish maqsadida ertalabki soat 9:00 atrofida Yunusobod tumanidagi pasport stoliga tashrif buyurdim. Ortiqcha sarsongarchilikka duch kelmaslik uchun bolalar pasportiga qanday hujjatlar zarur bo‘lishini telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib, bilib olgandim. Lekin qarangki, har qancha tayyorlanib kelmayin hujjatlar orasida kamchilik topildi: "Propiska". O‘g‘lim hali yosh bo‘lganligi uchun uni doimiy turar joy ro‘yxatidan o‘tkazish yodimizdan chiqibdi. Xayriyatki, baxtimga xonadonimiz egasi (ya'ni qaynonam) yonimda edilar. Biroq ularning pasporti uyda qolgan edi. 

Nailoj, uyga qaytishga to‘g‘ri kelar ekanda, deb turganimizda, "telegram" degan messenjer borligi xayolimga keldi va darrov uyga qo‘ng‘iroq qilib, internet orqali pasportning skaner qilingan nusxasini yuborishlarini iltimos qildim. Muammo bir zumda hal bo‘ldi va 5 daqiqa o‘tgach, pasport nusxasi "onlayn" tarzda yetib keldi. 

Barcha hujjatlarni tayyorlagach, o‘g‘limni bir soat ichida doimiy propiskaga o‘tkazdik. Ana endi "kinder" pasport uchun olg‘a!

Pasport stoliga murojaat etib keluvchi fuqarolarning og‘irini yengil qilish maqsadida har bir bo‘lim atrofida ko‘plab "xizmatlar stoli" faoliyat olib boradi. Biz ham ularning yordamida barcha kerakli ko‘rsatmalarni olib, arizani tayyorlab, kassaga keldik. Bu yerdagi holat meni biroz xavotirga soldi. Odam juda ham ko‘p, pul qabul qilayotgan bank xodimlari esa bor-yo‘g‘i ikkita.

Kassir qiz o‘g‘lim bilan turganimni ko‘rib, mening to‘lovimni birinchi qabul qildi. Kutmagan edim, juda ham xursand bo‘ldim. Rejada eng so‘nggi ish - biometrik pasport uchun suratga tushish qoldi. 

Suratga tushish xonasiga yaqinlashar ekanman, bu yerda to‘plangan navbatni ko‘rib, "yoqa" ushladim. Odam juda ko‘p, ular orasida keksa yoshlilar, yosh bolali ayollar ham bor. Soat 11dan oshgan, havo issiq. Barcha asabiy bir-biriga boqar edi. Navbatga 36-bo‘lib yozildik. 

O‘g‘lim uxlaydigan vaqt kelgani bois, atrofdagilardan navbatsiz o‘tkazib yuborishlarini iltimos qilmoqchi bo‘ldim. Axir, bir-biriga yordamini ayamaydigan, saxovatli o‘zbek xalqimiz, deya o‘yladim ichimda. 

Ming afsuski, hali so‘zimni oxiriga yetkazmay turib, yonimdagi kishidan "yaxshigina" gap eshitib oldim. Nima emish, bu yerda turganlarning barchasida farzand bor emish, pasport stoliga bolalarni bahona qilish uchun yetaklab kelmay, uyda qoldirish kerak ekan. To‘g‘risi, ustimdan kimdir muzdek suv ag‘dargandek bo‘ldi. Axir, pasportga men emas, farzandim suratga tushadi-ku. Buni tushuntirib o‘tirishga kuchim ham qolmadi.