Mamlakatda kechayotgan demokratik yangilanishlarga mos ravishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi qonun ijodkorligi jarayonlari ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari Narimon Umarov Qonunchilik palatasi saytida.

Kuni kecha butkul yangicha shaklda bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida jamiyatimizning turli sohalarini isloh etishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Ushbu yig‘ilishning o‘ziga xos muhim jihati parlamentimiz tarixida ilk bor televideniya orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli tarzda efirga uzatilgani bo‘ldi. Zamonga hamohang ravishdagi bu kabi yangicha yondashuv Oliy Majlis Qonunchilik palatasini xalqimizga yanada yaqinlashtirish, deputatlarning qonun ijodkorligi faoliyatidan fuqarolarni kengroq xabardor etish, muhokama qilinayotgan qonun loyihalari to‘g‘risida siyosiy partiyalar fraksiyalarining pozitsiyalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi. Qolaversa, bu parlamentimiz faoliyatini professional bosqichga ko‘tarishda yana bir muhim qadam bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Ushbu yig‘ilishdan keyin partiyamiz qabulxonalariga va fraksiyadoshlarimizga saylovchilardan qator telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron murojaatlar bo‘ldi. Ushbu yangilikni xalqimiz tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinganligi barchamizni quvontiradi, albatta.

Ta'kidlash lozimki, muhokama qiliniyotgan har bir qonun loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zolari partiya saylovoldi dasturi va elektorat manfaatlaridan kelib chiqqan holda o‘zining aniq pozitsiyalarini bildirmoqda.  

Xususan, birinchi o‘qishda qabul qilingan “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar davrida fuqarolarning turmush darajasini yanada yaxshilash va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha oldimizga qo‘yilayotgan vazifalarni hal etishda juda muhim o‘rin tutadi.

Prezidentimizning 12 iyuldagi Parlament a'zolari bilan uchrashuvida qonun loyihalarini aholi bilan muhokama qilib, ularning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda qabul qilish muhim vazifa etib belgilangan edi. 

Mazkur zaruriyatdan kelib chiqqan holda ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston “Adolat” SDPning viloyat va tuman Kengashlari kesimida mahalliy Kengashlar deputatlari va boshlang‘ich partiya tashkilotlari faollari ishtirokida keng muhokamadan o‘tkazildi.