Ma'lumki, 2017 yil 1 avgust kuni har yili bo‘lgani kabi O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalariga kirish davlat imtihonlari - test sinovlari bo‘lib o‘tdi. Bu jarayonda kimningdir farzandi, yana kimningdir yaqini, qarindoshi, aka-uka, opa-singlisi bevosita abituriyent sifatida qatnashdi.
Shu o‘rinda alohida ta'kidlash joizki, bu yilgi test jarayoni bitta OTMdan tashqari boshqa barchasida avvalgi shart-sharoitlarda tashkil etildi. Birgina Toshkent davlat yuridik universiteti Janubiy Koreyaning Inha universitetidan o‘rnak olgan holda test sinovlarini “O‘zekspomarkaz” binolarida o‘tkazdi.
Ushbu universitetga kirish testlari boshlanmasdan avval, jiddiy tekshiruvlar olib borildi. Hatto, 217 nafar abituriyent testga kirish qoidalarini buzgani uchun imtihonga Yuridik universitet imtihonlariga kiritilmadi. Shuningdek, test jarayoni ilk bora onlayn namoyish etildi. Kun.uz sayti ham bunda hamkorlik qildi.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda turli universitet va institutlarda bo‘lib o‘tgan test imtihonlarining tashkil etilishi, o‘tkazilishi yuzasidan turli fikrlar bildirildi. Kimlardir bu yilgi test o‘tkazilishi qoidaga muvofiq bo‘lib o‘tganini ta'kidlasa, ayrimlar hammasi avvalgidek, “eski hammom, eski tos”ligini ta'kidladi. Quyida ijtimoiy tarmoqlarda test borasida bildirilgan turli fikrlardan iqtiboslar keltiramiz. Xususan, Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘idagi Maqsadlar YuLDUZI taxallusli foydalanuvchi kuyunchaklik bilan shunday yozadi:
Shpargalka, telefondan foydalanib o‘tirgan abituriyentni ko‘rsatganimizda, nazoratchi basharamizga tirjayib, ajab bo‘pti deganday ishora qildi. Yana bittasi orqa partada uxlab o‘tirdi. Umuman haqqoniylik bo‘lmadi. Shunday ekan, odamni asabini buzib shaffof bo‘ldi, degan gaplarni yig‘ishtirish kerak OAV dagilar! Shuncha tayyorlanganim! Nizomiy Tarix fakulteti! Hech kimni tuzukroq tekshirmadiyam. Tezroq o‘tishi uchun hamma shoshayotgandek edi. Shuyam imtihonmi? Kollejda bundan yaxshi bo‘luvdi, hamma sharoitlar bor edi. Kirayotganda titib tashlashgandi.

Boshqa bir Instagramdagi foydalanuvchi test savollari oson bo‘lganini iddao etadi.
miss_ganiyeva@ test oson bo‘ldi, shpargalkadan ham foydalanishdi, atak shpargalka bilan o‘qishga kirishni nima keragi bor, ana o‘qiganlar indamay yechayapti, qiyinmas ekan testlar, o‘zim ham ham ko‘rdim.

















