Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 8 avgust kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida sayyor qabul tashkil qilindi. 

Uchrashuvda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. Sherzod Shermatov, tuman hokimi Abduvahob Tamekayev, “O‘zbektelekom” AK bosh direktori Shuhrat Qodirov hamda sohaning mas'ul rahbar va xodimlari ishtirok etdilar. 

Uchrashuv zangiotaliklar uchun yaxshi xabar bilan boshlandi. Sh.Shermatov tuman telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq rejalar xususida to‘xtalib, ayni paytda “O‘zbektelekom” AK Zangiota tuman aholisi uchun uy telefonidan Toshkent shahriga chiquvchi qo‘ng‘iroqlarga shahar tarifikatsiyasini joriy qilayotganini ma'lum qildi. Bu esa Zangiota aholisi Toshkent shahar telefonlariga kodsiz chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishini anglatadi.

Zangiota tumanidagi 117 ta qishloq aholi punktlarining 61 tasida, 210 dan ortiq idora va tashkilotlarda hamda 60 dan ortiq mahallalarda “O‘zbektelekom” AK Toshkent filiali tomonidan telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. 2017 yil mobaynida Toshkent viloyati aholisidan vazirlikka kelib tushgan 440 dan ziyod murojaatlarning 66 tasi mazkur tuman aholisi tomonidan yuborilgan. 

Uchrashuvda aholi vakillari o‘zlarini qiynayotgan muayyan masalalar misolida AKT sohasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni bayon etdilar, aloqa sohasi xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha tavsiya hamda takliflarini aytdilar. 

Jumladan, “Tokzor” MFY raisi Rahmat Mahmudov so‘zga chiqib, mahalla hududida yangi qurilgan 245 ta xonadonni shahar telefonlari bilan ta'minlanishida amaliy yordam so‘radi. Masala shu yerning o‘zida hal bo‘ldi. “O‘zbektelekom” AK hamda tuman telekommunikatsiya bog‘lamasi rahbariyatiga yangi xonadonlarni Toshkent shahar telefon tarmog‘iga ulash vazifasi topshirildi.

“Turkiston” qishlog‘i aholisi so‘zlariga ko‘ra, bu hududda 12 ta mahalla mavjud, ayni paytda aholining “Ittifoq” tarmoq stansiyasidan foydalanishini, aloqada uzilishlar mavjud ekan. Bu muammoga nisbatan Zangiota tuman telekommunikatsiya boshqarmasi rahbari “Ittifoq” tarmoq stansiyasida 10 avgustga qadar yangi avlod telefon stansiyalari ishga tushirilishini, ayni paytda ulash ishlari amalga oshirilayotgani ma'lum qildi. 

Zangiota tumanida joylashgan Nazarbek hududidagi “Aloqa” MFY fuqarosi Anvar Ahmadjonov hududdagi aloqa tarmoqlarining yaroqsiz holatga kelganligi, bu esa aloqa va internet xizmatlarining sifatiga ta'sir qilayotganini aytib, amaliy yordam so‘radi.