«To‘y va ta'ziyag‘a sarf qilinaturg‘on oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yo‘lig‘a sarf etsak, anqarib ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va o‘zimiz-da, dinimiz-da obro‘y va rivoj topar. Yo‘q, hozirgi holimizg‘a davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydur».
Bu so‘zlarni bir asr muqaddam jadidchi bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy bildirib o‘tgan edi. Shuncha yillardan beri maddalab ketgan bu xastalikni yo‘qotishga urinmay, balki oshirdik, toshirdik.
Bugun bir millat darajasida ko‘tarilgan mavzu naqadar dolzarb? To‘ylardagi dabdaba va isrofgarchilik asli nimadan kelib chiqadi va uning yechimlari qanday? Kun.uz muxbiri ana shunday savollar bilan O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov bilan bog‘landi.
«To‘ylarning dabdabali o‘tkazilishiga, avvalo to‘qlik sabab bo‘lmoqda. Kishilarda ana shu imkoniyat bor, mablag‘ bor ekan, to‘ylarda har xil urf-odatlarni bajo keltirishmoqda. Dunyoning istalgan davlatidan meva-cheva, noyob matohlar keltirilyapti.
Bu davrni ko‘rib, to‘kin dasturxonda to‘y qilayotganimiz uchun shukr qilishimiz kerak. Sobiq Sovet hukmron bo‘lgan kezlarda ayrim chekka hududlardagi to‘ylarga borsangiz, 4ta chalpak, oqqand va bitta taom bilan mehmon kutib olishar edi. O‘ziga to‘q, boy inson ham kundalik turmushda yeb yurganimiz kabi dasturxon solib, marosim qilar edi.
Demak, biz rivojlanish, yaxshi hayotga qarab borayapmiz ekan, ammo dabdabali va isrofgarchillikka yo‘l qo‘ygancha to‘y-marosimlarni o‘tkazish nomaqbul, illat amallardandir. Bunday to‘qchilikni buzuqlikka aylantirish bizning xalqqa yarashmaydi. Alloh bergan ne'mat uchun ertaga javob berishimiz kerak, undan qo‘rqmaymizmi, degan savolni o‘rtaga tashlaylikchi?!», deydi Mirza Azizov.
Demokratik davlatda har bir fuqaro qonunda belgilangan tartibni buzmagan holda harakatlanish, biror ish bilan mashg‘ul bo‘lish haqiga ega. Demokratiyada barcha istagandek to‘y qilishi, marosimlarini nishonlashi mumkin, albatta. Lekin hech qachon bunday isrof va sho‘xlik bilan peshqadam xalq bo‘la olmaymiz. «Hayotda to‘y qiladi, xursandchilikning nima aybi bor», deya uzoqni ko‘rmay fikrlayotgan kishi to‘y qilaman deb, iqtisodiy muammolar girdobiga tushib qolgan, ko‘chada gerdayib yurgan erkakning boshini ham qilib qo‘yayotgan bordi-keldilardan so‘rasin. Bu «moda» oilasiga xursandchilik olib kelarmikan?
«Yozilgan so‘zlarni har kim o‘z maqomida tushunishidan avval, umumiy holatlarga e'tibor qaratishi lozim: or-nomus ketib qolyaptiku, imon ko‘tarilmayaptimi? 70 yoshga kirgan onaxonlar ham bo‘lar-bo‘lmas musiqaga raqs tushib yursa, to‘yga boraman ekan, deb ochiq-sochiq kiyimlarni egniga ilib qizlarning to‘yga yo‘l olishi qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?», deydi aktyor.
















