Keyingi bir yil ichida yurtimizda elektron ommaviy axborot vositalari — Internet saytlarning mashhurligi va ommabopligi juda oshdi. Yurtimizda olamshumul o‘zgarishlar bo‘lmoqda, yangiliklar juda bisyor, bularning tezkorlik bilan yetkazishda ommaviy axborot vositalari ichidan aynan internet saytlar beminnat ter to‘kishmoqda.
Bizning saytimiz — KUN.UZ ham tezlikda el og‘ziga tushdi, ko‘plab yurtdoshlarimiz bizni o‘qishadi, bizga ishonishadi, murojaat qilishadi, tahririyatimizga kuniga 100dan oshiq xat kelishi ham fikrimizni isbotlab turibdi.
Tahririyatimiz o‘z faoliyatini tobora kengaytirib bormoqda, sekin-asta barcha viloyatlarda o‘z muxbirlik tarmoqlarimizni ochishni rejalashtirganmiz va O‘zbekiston bo‘ylab o‘z muxbirlarimiz yangiliklarni jo‘natishi, joylardagi fuqarolarning muammolarini yoritib, mutasaddilar e'tiborini jalb qilib, ularni hal etishda yordam qo‘lini cho‘zish asosiy rejalarimizdan sanaladi.
Davlat tashkilotlari va idoralari ham tobora biz bilan yaqindan hamkorlik qila boshlashdi. Saytimizda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ochilgan “Yuridik xizmat minbari” ham bunga dalil. Bundan tashqari, Xalqaro press klub bilan hamkor sanalamiz, shuningdek, prokuratura, IIB va boshqa davlat organlari brifinglarida hamisha muntazirmiz.
Lekin bu biz erishmoqchi, muxlislar uchun yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan narsalarning hammasi ham emas. Sekin-asta xalqimizga eng rasmiy yangiliklarni ham tezkorlik bilan yetkazishni maqsad qilganmiz. Shu sababli ushbu maqola orqali mutasaddi shaxslar va idoralarga ayrim talab va takliflar bilan murojaat qilmoqchimiz.
Ma'lumki, shu paytgacha yurtimizga xorijdan rasmiy yo norasmiy delegatsiya tashrif buyuradimi, matbuot anjumani o‘tkazadimi, hukumat yig‘ilishlari o‘tadimi, Prezident farmoni, qarorlari yoki farmoyishlari, Vazirlar mahkamasining qarorlari e'lon qilinadimi — barchasi O‘zAda yoritilgach, ayniqsa kechki «Axborot» dasturida e'lon qilib bo‘linganidan so‘ngra tahririyatlarga tarqatilib kelingan. Jumladan, bizga ham.
Ayniqsa davlat va hukumat darajasidagi anjumanlarda qatnashish uchun nafaqat xususiy, hattoki davlat va partiya nashrlariga ham ruxsat yo‘q. Barchasi O‘zAda e'lon qilinadi. Hamma O‘zAdan ko‘chirib bosadi. Yaqin yaqingacha bunday tadbirlarda nashrlarning o‘z muxbirlari qatnashib, reportaj, maqolalar yozishar edi.



















