Qiziq xalqmiz — kim nima desa ishonib ketaveramiz. Oramizda shunaqa «aqlli»lar borki ularning gapini eshitib kularingizni ham, yig‘laringizni ham bilmaysiz. Ularning o‘sha eshitganda na kulib va na yig‘lab bo‘lmaydigan gapini tagini surishtirsangiz uydagi xotinlardan eshitgan bo‘p chiqadilar.
Oxirgi paytlarda «qora bozor»da dollar kursining so‘mga nisbatan keskin oshishini kimlardir yaqinda yangi chiqqan 10.000 so‘mlik kupyurani chiqqaniga bog‘ladi. Aslida ham shundaymi?
Yoki ko‘pincha «falon so‘m qiymatidagi yangi kupyura chiqarmish» deb ovoza bo‘lgandan «heh, bekor chiqarishayapti-da shu pulni, endi narx-navolar oshib ketadi», degan gaplar urchib qoladi. Narx-navolarning oshib ketishiga yangi qiymatda chiqayotgan kupyura sabab bo‘ladimi? Yo‘q, aslo!
Chunki narx-navolarning oshishiga yangi kupyura emas, balki dollarning so‘mdagi qiymati oshib boraverishi sabab bo‘ladi. Dollar kursi oshib ketaverishiga esa mamlakatimizga kirib kelayotgan valyutadan chiqib ketayotgan dollarning ko‘pligi sabab bo‘ladi. To‘g‘ri, ba'zi davlatlar o‘z eksport salohiyatini oshirish uchun dollarning o‘z milliy valyutalariga bo‘lgan qiymatini o‘zlari ongli ravishda ham oshirishadi. Bu iqtisod tilida «devalvatsiya» deyiladi. (Yangiliklarni kuzatib borsangiz oxirgi yillarda Xitoy shu usulni ko‘proq qo‘llamoqda.)
Ammo bizdagi holat devalvatsiya emas. Chunki devalvatsiya qilinganda kurs birdaniga keskin oshirilmay asta-sekinlik bilan oshiriladi. Bizdagi holat dollar taqchilligi yuzasidan kelib chiqayapti.
Uzoqqa bormaylik, avtosanoatimizni olaylik. Bundan uch-to‘rt yil oldin ishlab chiqarilgan mashinalarimizning 60-70 foizi eksportga chiqarilar edi. Bu eksport ortidan mamlakatimizga anchagina valyuta kirib kelardi. Hozir esa Rossiyadagi, Qozog‘istondagi, Ukrainadagi iqtisodiy inqirozlar bizning avtoeksport salohiyatimizni pasaytirib tashladi va bu ish mamlakatimizga kirib keladigan valyuta tushumining keskin kamayishiga sabab bo‘ldi.
Bizdagi valyuta taqchilligiga oid yana bir omil bu — iqtisodiy inqiroz tufayli bizdan Rossiyaga ishga boradigan mehnat muhojirlarining soni kamaydi. Rossiyadan pul olib kela olishiga ishonchi bo‘lmagan ko‘plab yurtdoshlarimiz endi uyoqqa ishga bormayaptilar. Borganlari ham uyga tuzuk-quruq pul jo‘nata olmayaptilar. Buning natijasida, mamlakatimizga kirib kelgan milliardlab dollarlarning cho‘g‘i kamaydi va bu ham bizdagi dollar taqchilligiga o‘z hissasini qo‘shdi.
Yana bir sabab — ho‘l va quruq mevalarimizga, sabzavotlarimizga asosiy xaridorlar Rossiya, Qozog‘iston va Ukraina edi. 2014 yilda Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelib chiqqan mojarolar alal-oqibat Ukraina iqtisodini batamom falajlab tashladi. Rossiya iqtisodiyoti esa turg‘unlashdi, Qozog‘istonning iqtisodiyoti esa Rossiyaga chambarchas bog‘liqligi sabab u ham pasaya boshladi va bularning hammasi yig‘ilib, bu davlatlarga qilayotgan eksportimizga ta'sir ko‘rsatdi. Ular endi oldingidan ancha kam mahsulot ola boshladilar. Bu ham kirib kelayotgan valyutaning salmog‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatdi.















