Bugun 25 avgustda Germaniyaning Hamburg shahrida Boks dunyosining 2017 yilgi eng nufuzli musobaqasiga start beriladi. 25 avgustdan 2 sentabrgacha Hamburg shahri AIBA World Boxing Championship-2017 musobaqasiga mezbonlik qiladi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi kamsonli mamlakatlar singari to‘liq tarkibda ishtirok etadi. Ular shu yilning 7 avgustida iqlimga moslashish va so‘nggi tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Hamburgga jo‘nab ketishgan edi.

Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlari bo‘yicha mutaxassislarning ta'kidlashicha, to‘rt yillikning nufuzli musobaqasiga nisbatan Jahon chempionatida kuchlilar qatoridan o‘rin egallash mushkulroq. O‘zbekiston Boks federatsiyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, jahon chempionatida dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlaridan ko‘zga ko‘ringan charm qo‘lqop ustalari 10 ta vazn toifasida chempionlik uchun bahslarga kirishadi. Quyidagi jadvalda musobaqalarning to‘liq jadvali bilan tanishishingiz mumkin. 

Foto: olympicboxing.uz

Qur'aga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining ilk jangini  -91 kg vazn toifasidagi iqtidorli yosh bokschimiz Sanjar Tursunov boshlab beradi va nikaragualik Jyeffri Gonsalesga qarshi ringga ko‘tariladi. Birinchi davra uchrashuvlaridanoq ringga ko‘tariladigan charm qo‘lqop ustasi Gonsales ustidan g‘alabaga erisha olsa, ikkinchi davrada argentinalik Yamil Peraltaga qarshi jang qiladi. 

Foto: olympicboxing.uz

Qur'a natijasiga ko‘ra, eng og‘ir +91 kg vazn toifasida Osiyo chempioni Bahodir Jalolov jahon chempionatida birinchi raqam ostida ringga ko‘tariladi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi davradan bahslarga qo‘shiladi. Bahodirning raqibi daniyalik Kem Larsen hamda angolalik Mbui Karlos Masia o‘rtasidagi jangdan so‘ng ma'lum bo‘ladi.

Foto: olympicboxing.uz

 

-81 kggacha vazn toifasidagi mohir bokschimiz Rio-2016 Olimpiadasi kumush medali sovrindori, Osiyo chempioni Bektemir Meliqo‘ziyev o‘z vazn toifasida ikkinchi raqam ostida saralandi. Bektemir to‘g‘ridan-to‘g‘ri bahslarni ikkinchi davradan boshlaydi. Charm qo‘lqop ustamizning raqibi rossiyalik Muslim Gajimagomedov hamda kolumbiyalik Jyeysson Varela Monroy o‘rtasidagi jangdan so‘ng ma'lum bo‘ladi.