Keyingi vaqtlarda to‘y-hashamlarni o‘tkazishda manmanlik, shuhratparastlik, dabdababozlik, kimo‘zarga to‘y qilish, odamlar o‘rtasida soxta obro‘ topish, bundan tashqari turli to‘qlikka sho‘xlik qiluvchi odamlar tomonidan o‘ylab topilib joriy etilayotgan qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan yangicha urf-odatlar avj olayotganligi guvohi bo‘lmoqdamiz.

Yurtboshimiz tomonidan to‘y-hasham va ma'rakalaridagi isrofgarchilik, dabdababozlik holatlariga chek qo‘yish, to‘ylarni milliy urf-odatlar va an'analarni unutmagan holda tashkillashtirish haqida  madaniyat, san'at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan 2017 yil 3 avgustda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ta'kidlandi.

Bu fikrlar jamoatchilik tomonidan o‘z vaqtida o‘rinli va asosli ekanligi ta'kidlanib, to‘g‘ri qabul qilindi va bu borada fuqarolarning o‘zlari ham to‘y-hashamlarni o‘tkazishda ortiqcha dabdababozlik va marosimlarga sarflanadigan mablag‘larni tejash orqali kelgusida yosh oila va ularning farzandlari foydalanishi imkoniyat yaratish lozimligi ta'kinlandi.

Foto: minjust.uz

Adliya organlari xodimlari tomonidan Bekobod shahrida mahalla faollari, musulmonlar idorasi, ma'naviyat va ma'rifat markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi mas'ullari hamda shahar aholisi bilan 25 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Bunda to‘y-hashamlarni o‘tkazish sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari, to‘y-marosimini rejalashtirayotgan fuqarolar bilan ham alohida suhbatlar uyushtirildi.

Ushbu tadbirlarda to‘y-hasham, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni ixchamlantirilishi va oila byudjyetini iqtisod qilinish hamda ayrim hollarda milliy qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan tadbirlarni oldini olish masalalari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi va tavsiyaviy harakterga ega bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.

Keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda pilot loyiha sifatida Toshkent viloyatining Bekobod shahrida  26 avgust kuni “Bekobod namunasi” nomli bir nechta nikoh to‘ylari o‘zgacha bir yo‘nalishda o‘tkazildi.

Foto: minjust.uz

To‘ylarni o‘tkazish yangicha tus olgani ko‘zni quvontiradi. Jumladan, Bekobod shahar FHDYo bo‘limida fuqarolar Umid Isakjonov va Nazira Kambarovalarning nikohlarini tantanali qayd etish marosimini alohida hayajon va iftixor bilan kuzatish mumkin. Chunki yoshlarning oilaga ilk qadam qo‘yishi shu dargohdan boshlanadi. Nikohlanuvchi yoshlarga yangi hayot bo‘sag‘asiga kirish uchun aytilayotgan tilak va istaklar bilan bir qatorda ularga oila psixologiyasi, yoshlarning oiladagi huquq va majburiyatlari, yosh avlod tarbiyasiga oid kitoblar ham tuhfa etildi.