E'tiboringizga sayyoh, tanqidchi Ben Shalpigning Nyu-York-Toshkent yo‘nalishidagi to‘xtovsiz parvozdan olgan taassurotlarini taqdim etamiz. Bu bilan milliy aviakompaniyaning ayrim kamchiliklarni bartaraf etib, yutuqlarni kengaytirishga chaqiramiz.
«Biz havo kemasiga qo‘yilgan yo‘lak orqali ikkinchi eshikka ko‘tarildik, yo‘lovchilarni xushmuomala styuard qarshi olib, chap tarafdagi joyimni ko‘rsatib yubordi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» xarid qilgan Boeing-787 havo laynerining biznes klass bo‘lagida 24 nafar yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan joylar 2-2-2 tartibida joylashtirilgan. Bort xodimlarining xizmat ko‘rsatish sifatini kuzatib borish uchun uch qator bo‘ylab joylashtirilgan o‘rindiqlarning old joyini egalladik.

Yangi tipdagi 787 samolyotida biznes klass o‘rindiqlari old tarafga qarab moslashtirilgan bo‘lib, bunday moslashuv AZAL Azerbaijan, LOT Polish, Xiamen aviakompaniyalarida ham uchraydi, ammo bu zamonaviy havo kemalarida yo‘lovchi tashishning eng yomon ko‘rinishi bo‘lsa kerak.

Asosiy maqsadim - 787 bortida xizmat darajasini kuzatib borish. Ammo o‘rnimni egallashim bilan styuardessa menga yaqinlashib, havo kemasida fotoapparat ishlatish, umuman suratga olish mumkin emasligini aytib, ogohlantirib ketdi. Bu esa minglab km masofani bosib o‘tib, turli aviakompaniyalar xizmatidan foydalanganimdan so‘ng ilk bor yangrab turgan taqiq edi. Keyinroq, «O‘zbekiston havo yo‘llari» haqida yo‘lovchilarning taassurotlarini o‘qib chiqdim, ularning birontasi ham bu kamchilik haqida so‘z ochmagan. Balki bort xodimlari parvoz chog‘i qiziqarli holatlarni suratga tushirishimni «ko‘rmay» qolar?! Shunga qaramay, bort xodimlari tarqatgan taom va ichimliklarni telefon orqali tarixga muhrlab borishga muvaffaq bo‘ldim.

O‘rindiqlar standart bo‘yicha ishlab chiqarilgan, mashhur aviakompaniyalar singari qo‘shimcha qulayliklar bilan jihozlanmagan.































