Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Rossiyadan San-Frantsiskodagi bosh konsulligini yopishni talab qildi
AQSh hukumati Rossiyaning San-Frantsiskodagi bosh konsulligini yopishni talab qildi. Obekt 2017 yil 2 sentabrigacha yopilishi kerak. Bu haqda AQSh davlat departamentida ma'lum qilingan.
Davlat departamentida shuningdek ko‘rsatilgan muddatda Vashington va Nyu-Yorkdagi ikkita konsullik bo‘limini yopish ham talab qilingan. Shundan keyin ikki tomonda 3 tadan konsullik qoladi: Rossiyada Nyu-York, Xyuston va Sietldagi, AQShda esa Sankt-Peterburg, Yekaterinburg va Vladivostokdagi konsulliklar.
Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, bosh konsullikni yopish talabi AQShning Rossiyadagi diplomatik idoralari sonini qisqartirishga qarshi chora hisoblanadi. Davlat departamentida Rossiya hukumatining qarori “asossiz” ekanligi va ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazishi aytilgan.
Yangi cheklovlar kiritilishi oldidan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov telefon orqali AQSh davlat kotibi Reks Tillerson bilan suhbatlashgan. Tillerson rossiyalik hamkasbini bosh konsullik yopilishi talab qilinishidan ogohlantirgan va “keskinlik avj olayotganidan afsus bildirgan”.
Rossiya davlat dumasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Aleksey Chepaning aytishicha, Rossiya AQShdagi konsulligi yopilishiga “munosib” javob qaytaradi. “Biz barcha xatti-harakatlarga bizda javob bo‘lishidan ogohlantirganmiz”, deb aytgan deputat.
28 iyulda Rossiya tashqi ishlar vazirligi AQShga Rossiyadagi diplomatlari va bosh konsulliklari xodimlari sonini qisqartirishni hamda Serebryaniy bordagi dala hovli va Moskvadagi omborlarni bo‘shatishni taklif qilgan. AQSh bu talabni bajargan. Shundan keyin Rossiyada AQSh diplomatik idoralarining 455 nafar xodimi qolgan. Rossiya AQShning sobiq prezidenti Barak Obama AQShdagi 35 nafar rossiyalik diplomatni persona non-grata deb e'lon qilish qaroriga javoban bunday qadamga borgan.