JCh-2018 saralash bosqichining Osiyo mintaqasida ishtirok etadigan O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari uchrashuvi oldidan koreyaliklar ustozi Shin Txe Yong va futbolchi Song Hyong Min matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Toshkentga kelganingizdan keyin jamoa o‘zini qanday his qilmoqda?
— Bu yerdagi sharoit yaxshi. Koreya oshxonasidan oshpaz chaqirganmiz. Faqat bu yerda kunduzi biroz issiq ekan. Ammo kechga borib futbol o‘ynashga mos havo hukm surmoqda. Bu esa ertangi o‘yin oldidan juda muhim.
— Futbolchiga savol: Jamoaning hozirgi ahvoli qanday? O‘yinga tayyorgarlik haqida gapirib bering.
— O‘zbekistonga qarshi uchrashuvlarda juda ko‘p marta maydonga tushganman. Shu bois bu borada tajribam yetarli. Jamoadoshlarim bilan bu o‘yinni juda ko‘p muhokama qilishga ulgurdik.
— O‘zbekistonning Xitoyga qarshi o‘yinini ko‘rgandirsiz. Ularga nima yetishmadi deb o‘ylaysiz?
— Bu savolni raqib jamoa va hamkasbimga berganingiz yaxshi. Raqib jamoani hurmat qilgan holda bu savolga javob bermaganim ma'qul deb o‘ylayman.
— Ertaga jamoa pley-offga ham tushib qolishi mumkin. Bunga tayyormisiz?
— Pley-off haqida o‘ylab ko‘rganimiz yo‘q. Biz faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz.
— Umuman klubda («Tottenhem») to‘p surganingiz kabi, terma jamoada o‘ynay olmayapsiz? Bu nima bilan bog‘liq? O‘zingizga ham shu sezilyaptimi?
— Biz uchun eng muhimi jamoa. Birinchi navbatda aynan jamoa manfaatlari uchun harakat qilamiz. Kim gol urishining farqi yo‘q. Kimning o‘yini zo‘r chiqishini ham. Asosiysi jamoaviy yutuq. Terma jamoadagi o‘yinlaridan men ham qoniqish hosil qilayotganim yo‘q. Lekin asosiy jamoaga ko‘mak bersam bo‘ldi. Ertaga maydonga tushamanmi yo‘qmi, bilmayman lekin imkoniyat berilsa, bor kuchim bilan harakat qilaman.
— Ertangi o‘yinda psixologik tayyorgarlik ham juda muhim. Bunda siz qanday tayyorgarlik ko‘rdingiz va futbolchilarni qay tarzda tayyorladingiz?
— Eronga qarshi uchrashuvda yaxshi imkoniyat bor edi. Ammo undan foydalana olmadik. Shu boisdan qandaydir xotirjam bo‘la olganimiz yo‘q. Bu uchrashuv oldidan boshqattan o‘zimizni ruhan qo‘llab-quvvatlab olishimizga to‘g‘ri keldi. Yaxshi kayfiyatda tushib g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

















