Mana, nihoyat barcha intiq bo‘lib kutgan «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birlamchi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5177 sonli farmoni imzolandi va 5 sentabrdan amalda qo‘llanilishi belgilandi.

Oddiy kishilar ushbu farmonning tub mohiyatiga hali yetib bormasdan turli fikrlarni ilgari surishni boshladiki, ular orasida «endi hamma narsa qimmat bo‘larkan», «yana almashtirish shoxobchalarida faqat katta navbatlar bo‘ladi», «qora bozor yo‘q bo‘lib ketarkanmi», «oddiy xalq faqat zarar ko‘rarkan», «yana o‘sha kartaga pul o‘tkazisharkan» (u hech qayerga o‘tmaydi) yoki bo‘lmasam «50 mingtalik chiqishi bekorgamas, dollarni banklar beradigan bo‘lsa, aniq so‘m puli sinarkan» degan fikrlargacha yangradi. Biroq yuqoridagi fikrlarning barchasi birdek haqiqatdan ancha yiroq bo‘lgan fikrlar ekanini alohida ta'kidlab o‘tmoqchimiz.

Ko‘pincha o‘tish iqtisodiyotidagi mamlakatlarda biror-bir iqtisodiy o‘zgarish yuz berayotganda xalq orasida shunaqa turli tushunmovchiliklar bo‘lishi tabiiy hol. Ko‘p emas, yana 6 oy o‘tgach, valyutaning erkin konvertatsiyasi bilan bog‘liq barcha masalalar hamma uchun birdek tushunarli va ravshan holatga keladi.

Hozircha esa biz konvertatsiya qanday amalga oshirilishi va uning dastlabki bosqichdagi oqibatlari qanday bo‘lishi haqida mustaqil fikr bildirib o‘tmoqchimiz. Avvalo, shu kungacha bizda konvertatsiya yo‘q edi, deb bong uruvchi barcha mutaxassislar diqqatiga, bizda shu kungacha qisman (cheklangan) konvertatsiya mavjud bo‘lgan. Ya'ni, xorijiy valyutani xarid qilish jismoniy shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra (2 ming AQSh dollari turistik maqsadlarda va undan ortiq davolanish hamda o‘qish xarajatlariga xalqaro plastik kartaga o‘tkazib berilgan) va yuridik shaxslar uchun alohida tartibga ko‘ra, (Birjaga beriladigan talabnomaga asosan navbatma-navbat banklarning mavjud imkoniyatiga ko‘ra, davlat kursida konvertatsiya qilib berilgan. Biroq ushbu navbatlarning ayrimlari 1 oydan 1 yilgacha odatda ayrim hollarda bir necha yillargacha navbat kutilishi holatlari kuzatilgan) amalga oshirilgan. Xorijiy valyutani milliy valyutaga davlat kursida almashtirishga esa hech qanday cheklovlar mavud bo‘lmagan. Biroq aytish joizki, ushbu cheklangan konvertatsiya natijasida ko‘plab sohalarda shiddat bilan rivojlanish mumkin bo‘lgan jihatlar amalda sekinlashgan, yo‘q joydan ko‘chadagi kurs va davlat kursi o‘rtasidagi farq natijasida foyda olishni ko‘zlab ish qiladigan noqonuniy kasblar ham paydo bo‘lgan. Birinchi Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek