Adliya vazirligida notariuslar hamjamiyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda respublikaning barcha hududlaridan kelgan notariuslar va adliya organlarining mutasaddi rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qayd etish lozimki, notariat jismoniy va yuridik shaxslarning fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishish jarayonida malakali yuridik yordam ko‘rsatadigan, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan, huquqiy nizolarni oldini olish va huquqiy munosabatlarni ishonchli va tinch yo‘l bilan hal etilishini ta'minlaydigan institut hisoblanadi.

Bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda bugungi kunda notarial idoralar faoliyatida yig‘ilib qolgan muammolar atroflicha tahlil qilindi, ularni bartaraf etish mexanizmlari va takliflari o‘rtaga tashlandi. Xususan, notarial idoralarda navbatlarning ortib borayotganligi, notariuslar va idora xodimlarining fuqarolar bilan muomala madaniyati, davlat bojlarini hisoblashda yagona amaliyotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek notarial harakatlarni rasmiylashtirishda ortiqcha hujjatlarning talab qilinayotganligi va boshqa shu kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek notarius kasbining ertangi kuni, aholiga notarial xizmatlarni ko‘rsatishning eng zamonaviy uslublarini keng joriy etish va sohani yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv natijasida quyidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi:

Birinchidan, respublikaning 21 foiz notariuslari va 23,2 foiz notariat xizmatlari Toshkent shahar notarial idoralari salmog‘iga to‘g‘ri kelishini e'tiborga olib, poytaxtdagi notarial idoralar faoliyati shahar adliya boshqarmasidan bevosita Adliya vazirligi bo‘ysunuvi va boshqaruviga o‘tkazildi va vazirlik tomonidan alohida nazorat qilib borilishi belgilandi. Notarial idoralar joylashuviga qarab, tegishli sektorlarga bo‘linib, har bir sektor bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tomonidan nazorat ishlari olib boriladi va muammolar “Yo‘l xaritalari asosida” bartaraf etilishi ta'minlab boriladi.

Bu jarayonda samarali jahon andozalaridan kelib chiqib jamoat nazorati mexanizmlari keng qo‘llanilishi ko‘zda tutildi. Shu maqsadda, Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda “Adliya bilan muloqot” guruhini ham yaratib, aholining bu sohadagi murojaatlari, takliflari va e'tirozlari bo‘yicha ishlashning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, poytaxt notarial idoralari negizida “Eng ilg‘or tajriba” loyihasi amalga oshirilishiga kelishib olindi. Ushbu loyihaga asosan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish, yagona notarial amaliyotning joriy etish, notarial xizmatlar va mijoz uchun zarur bo‘lgan barcha ma'lumotlardan foydalanish imkoni to‘liq yaratish, xodimlar tomonidan malakali va sifatli huquqiy tushuntirishlar berishni ko‘zda tutadi.