Arterial qon bosimini o‘lchash qiyin emas, ayniqsa zamonaviy tonometrlar yordamida. Biroq bu ish e'tiborsizlik bilan amalga oshirilsa, natija ham shunga yarasha bo‘ladi. "Layfxaker" qanday qilib bu jarayonda xato qilmaslik borasidagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi

Qanday qurilmadan foydalangan ma'qul?

Qon bosimini mustaqil o‘lchash uchun avtomat tonometr (qon bosimini o‘lchashga mo‘ljallangan jihoz) xarid qilgan ma'qul, chunki stetoskopdan yolg‘iz foydalanish biroz noqulay, natijalar noto‘g‘ri chiqish ehtimoli yuqori. 

Shuningdek, ba'zi avtomat tonometrlar ham noto‘g‘ri natijalarni ko‘rsatishi mumkin.

Yodingizda bo‘lsin, noto‘g‘ri tanlangan manjyeta o‘lchami qon bosimini o‘lchashdagi natijalarga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun xarid oldidan tonometr o‘raladigan qo‘l qismini o‘lchab oling.

Qurilma ko‘rsatmada yanglishmasligi uchun tonometrlarni dorixonalardan yoki maxsus do‘konlardan xarid qiling va bu borada haddan tashqari tejamkorlikka yo‘l qo‘ymang. Foydalanishdan avval albatta qo‘llanmasini o‘qib chiqing va batareyalarni o‘z vaqtida almashtirishni unutmang.

Qon bosimini qanday o‘lchash kerak?

Shoshmang. 5 daqiqacha tinch sharoitda o‘tiring, biror ish qilganingizdan keyin darhol tonometrga yopishmang. Qon bosimini o‘lchashdan yarim soat oldin chekmang va qahva ichmang. 

Stulga qaddingizni tik qilib o‘tiring. Oyoqlaringizni chalishtirmang. Oyoqlar polda shunday turishi kerakki, tizzalar baland ko‘tarilmasligi lozim.  

Yengingizni shimaring, yaxshisi - yengi uzun kiyimda bo‘lsangiz, uni yechib qo‘ying, shunda manjyetni o‘rashda muammo yuzaga kelmaydi. 

Qo‘lingizni shunday joylashtiringki, tonometr manjyetasi taxminan yurakning to‘g‘risida bo‘lsin. Ba'zan buning uchun qo‘l ostiga yostiqcha qo‘ygan ma'qul. 

Manjyetani to‘g‘ri o‘rang. Uning pastki tomoni tirsakdan 2-2,5 sm yuqorida bo‘lishi kerak. 

Manjyetani shunday o‘rangki, u bilan qo‘lingiz orasiga 1-2 barmoq sig‘adigan bo‘lsin. Tonometr pulsni qayd etishi uchun rezina naychalar tirsakning ichki tomoniga qarashi kerak.

Tonometrning barcha naychalari tekis bo‘lsin, chigallashib yoki tugun bo‘lib qolmasin. Bu qiyin emas, mana bunday holatda o‘tirish kerak: