O‘zbekiston | 16:05 / 12.04.2022
19480
2 daqiqa o‘qiladi

Attestatsiyalardan o‘tolmagan o‘qituvchilar qon bosimi oshib vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi – Ta’lim inspeksiyasi munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda attestatsiyadan o‘tolmagan 2 o‘qituvchi qon bosimi oshib, vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan bog‘landi.

Inspeksiya matbuot xizmati rahbari Shavkat Xo‘jaqulovning ma’lum qilishicha, tarqalayotgan xabarlar asossiz.

“Boshqa viloyatlik bo‘lgan o‘qituvchi qizning suratini farg‘onalik o‘qituvchi attestatsiya topshirib o‘tolmay, o‘sha joyning o‘zida vafot etibdi, deb tarqatishyapti. Vafot etgan u yosh o‘qituvchi attestatsiya topshiruvchilar ro‘yxatida ham bo‘lmagan, uning qon bosimi tushib ketgan. Nazoratchilar baqirgani uchun ham o‘qituvchi vafot etibdi degan xabarlar tarqaldi. Biz xabar tarqatayotgan o‘qituvchini topib, unga asossiz xabar tarqatmaslik haqida tushuntirdik”, deya munosabat bildirdi Shavkat Xo‘jaqulov.

Uning qayd etishicha, attestatsiya o‘tkazilayotgan har bir hududda tibbiy xizmat ko‘rsatish punktlari mavjud. Lekin testdan o‘ta olmagan ayrim o‘qituvchilar ko‘proq shunday noto‘g‘ri xabarlarga ishonmoqda.

“Test natijasidan norozi bo‘lgan pedagoglar testni yakunlagan zahoti maxsus blankni to‘ldirib, aynan qaysi savollarga e’tirozi borligini yozishlari mumkin. Bundan tashqari, veb-sayt orqali murojaat yuborishlari mumkin.

Shuningdek, dushanbadan shanba kuniga qadar soat 09.00dan 18.00ga qadar +998 71 231-07-53 (ichki raqam 1038 yoki 1011) raqamiga murojaat qilishlari mumkin. E’tiroz bildirgan har bir pedagogning savollar varaqasida testlar ushbu fan bo‘yicha mustaqil ekspertlar tomonidan o‘rganib chiqib xulosa beriladi va navbatma-navbat javob qaytariladi”, deb ma’lumot berdi inspeksiya matbuot kotibi.

Mavzuga oid