Sport | 14:00 / 02.10.2017
29260
3 daqiqa o‘qiladi

«Navbahor» - «Paxtakor» uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mojaro kelib chiqqan

O‘zbekiston chempionatining 23-turidan o‘rin olgan «Navbahor» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan (2:0) so‘ng toshkentliklar bosh murabbiyi Shota Arveladze ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida mojaro kelib chiqqan. Bu haqda Tribuna.Uz‘ga vaziyatdan xabardor manba ma'lumot bergan.

Gap shundaki, matbuot anjumani vaqtida Shota Arveladzega «Paxtakor»ning oldingi uchrashuvlarda «Navbahor»ni halol yo‘l bilan yutmagani haqida savol berilgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, savol muallifi jurnalist bo‘lmagan va yonida jurnalistlar uchun beriladigan akkreditatsiyasi ham bo‘lmagan va katta ehtimol bilan u oddiy muxlis bo‘lgan. Arveladze uning savoliga javob bera olmasligini, oldingi uchrashuvlar paytida O‘zbekistonda ishlamaganini bildirgan. 

Ammo ba'zi savol-javoblardan keyin boshqa bir jurnalist akkreditatsiyasiga ega bo‘lmagan noma'lum shaxs kirib, Arveladzega «Paxtakor»ning shu paytgacha halol yutmagani mazmunidagi savolni qaytargan. Birinchi bo‘lib o‘sha savolni bergan muxlis bunga qarsak bilan munosabat bildirgan. Tabiiyki bu Shota Arveladzening jahlini chiqargan va u e'tiroz bildirgan.

Shu vaziyatda «Paxtakor» matbuot xizmati vakili Behzod Nazarov vaziyatga aralashib, bu kabi provakatsion savollarni bermasliklarini iltimos qilgan. Savolni bergan muxlislar «Paxtakor» matbuot xizmati xodimiga e'tiroz bildirgan. Bundan keyin Behzod Nazarovning ham jahli chiqqan va muxlislar bilan og‘zaki aytishuvga kirishib ketgan. U «Navbahor»ning o‘z vaqtida «Paxtakor»ga qarshi uchrashuvlarning birida noto‘g‘ri penalti tepganini eslatgan.

Oxir-oqibatda ikkala tomon ham dahanaki aytishuvga kirishib ketgan va ikkala tomon ham bir-biriga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib so‘kingan. Bu vaqtda «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze matbuot anjumanini tark etib bo‘lgan.

Hozircha bu borada hech qanday rasmiy xabar yoki ma'lumot berilmagan. Ma'lumot uchun uchrashuvda PFL vakili sifatida A. Frolov qatnashgan.

Mavzuga oid