O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoyishi imzolandi. Hujjat matni prezident saytida keltirilgan.

Insonparvarlik, shuningdek inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini oliy qadriyat deb tan olish kabi umuminsoniy va konstitutsiyaviy prinsiplarning amalda ta'minlanishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar va yangilanishlarning asosidir.

Qonunni buzgan, biroq o‘z qilmishining huquqqa xilofligini anglagan va tuzalish yo‘liga o‘tganligini qat'iyatlik bilan namoyon qilgan shaxslarga jamiyat va o‘z oilasi davrasiga qaytish imkonining berilishi, o‘zbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarining ro‘yobga chiqarilishi hisoblanadi.

Mahkumlarni afv etish, ya'ni shaxsni jazodan ozod qilish yoki unga nisbatan tayinlangan jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish yuqorida sanab o‘tilgan prinsip va an'analarning bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘ladi.

Shu bilan birga, aholi bilan ochiq muloqot natijalari shundan dalolat bermoqdaki, sud amaliyotida jazoning sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib bo‘lishi, mahkumning shaxsini tavsiflovchi va aybini yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olish yetarlicha to‘liq ta'minlanmayapti.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 274 ta jinoyat ishlari bo‘yicha ayblov qayta malakalanganligi, jinoyat ishlarining 50 tasi qonun o‘zgarishi, 805 tasi javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi, 26 tasi qilmishda jinoyat tarkibi mavjud emasligi munosabati bilan tugatilganligi bu haqda guvohlik bermoqda.

Yuqorida bayon etilganlarni, jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarning afv etish haqida iltimosnomalar bilan qilgan murojaatlarini inobatga olib, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan:

1. Jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya (keyingi o‘rinlarda - Maxsus komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda;

jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlar shaxsini va ularga oid materiallarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda - ishchi guruhlar) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.