Suriya va Iroqdagi mag‘lubiyatdan so‘ng jangarilar Yaqin Sharqdan tashqarida yangi global terrorchilik tarmog‘ini yaratishga kirishdilar, deya ma'lum qildi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov.
Bu haqda u 4-5 oktabr kunlari Krasnodar shahrida bo‘lib o‘tayotgan FXX xorijiy hamkorlarining maxsus xizmatlari va huquq-tartibot idoralari rahbarlari XVI yig‘ilishida aytib o‘tdi.
Bortnikovning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilar Suriya qo‘shinlari va Rossiya harbiy-kosmik kuchlarining samarali harakatlari, shuningdek, Iroqda koalitsiya kuchlarining amaliyotlari tufayli sezilarli yo‘qotishlarga uchramoqda. Guruhlar neftga boy tumanlar yaqinida yirik hududlar ustidan nazoratni yo‘qotgan. Nafaqat jangarilarning katta guruhlarini, balki Suriya va Iroqdan tashqarida ham ularning tarafdorlarini moliyalashtirish imkonini bergan iqtisodiy asos kuchsizlangan.
"Ushbu omillarning birlashuvi va avvalgi nazorat zonalarida butunlay yo‘q qilinish tahdididan xabardorlik XTT rahbarlarini kelgusidagi harakatlar strategiyasini o‘zgartirishga majbur qildi", - dedi FXX direktori.
Bundan, Bortnikovning aytishicha, yaqinda sodir etilgan terrorchilik hujumlarining mohiyati va keng geografiyasi darak bermoqda.
"Bu yil Afg‘oniston, Suriya, Eron, Iroq, Misr, Mali, Turkiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Shvetsiya, Finlyandiya va boshqa mamlakatlardagi hujumlarning qurbonlari soni yuzlabdir", - degan FXX direktori.
Uning qo‘shimcha qilishicha, terrorchilar butun insoniyatga chaqiriq tashlashdi va dunyoning turli burchaklarida vahima tarqatishmoqchi, ularga qarshi urush olib borayotgan davlatlarni qo‘rqitmoqchi bo‘lishdi. Bundan tashqari, ekstremistlar o‘z tarafdorlari hamda homiylariga "tirik ekanliklari va faol harakatlarni davom ettirish qobiliyatlari borligini" ko‘rsatishga intilishmoqda.
"Bugungi kunda XTT rahbarlari o‘zlarida bo‘lgan kuchlar va vositalarni qayta taqsimlashmoqda. Jangarilar Yaqin Sharqdan tashqariga chiqib, zo‘ravonlik va qurolli to‘qnashuvlarning yangi o‘chog‘larini yaratish maqsadida beqaror mintaqalarda to‘planishmoqda", - dedi Bortnikov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, terrorchilar bunday global qayta o‘zgarishni amalga oshirib, hozirgi vaziyatga tez moslashishga harakat qilishmoqda.
Shuningdek, Bortnikov chet ellik sheriklarni "terrorchilik g‘oyalari tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha keng qamrovli doiraviy strategiya"ni qo‘llash maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyasini quvvatlash to‘g‘risidagi bayonotni qabul qilishga chaqirdi.















