«Tribuna» shanba kuni bo‘lib o‘tgan JCh-2018 saralashi uchrashuvlari natijalarini tahlil qiladi.
A guruhi
Shvedlar Advokatning ustidan kulishdi

29 sentabr kuni Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Dik Advokat jurnalistning «Shvetsiya Lyuksemburgga 8ta gol ura oladimi?» deya bergan savoliga kulimsiragan holda shunday javob qaytargandi: «Albatta, bunday qila olishmaydi. Bu ilojsiz. Bu qanday ahmoqona savol bo‘ldi?».
Voqealar esa Advokat kutganiday bo‘lib chiqmadi. Niderlandiyaning JCh-2018 saralashi doirasida A guruhidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibi Shvetsiya shanba kuni Lyuksemburg darvozasini 8 marta ishg‘ol etdi. Shvetsiya terma jamoasi safida hali bittadan ortiq gol urmagan Markus Berg shu kuni poker qayd etdi. Andreas Grankvist dublga erishdi, Lyustig va Toyvonen bittadan gol urishdi.
Shu kuni Advokat shogirdlari Belarusni 3:1 hisobida mag‘lub etib qaytishdi. Holbuki imkoniyat saqlab qolish uchun gol o‘tkazmasdan yirik hisobda g‘alaba qozonish shart edi. Endi shvedlarda to‘plar nisbati 26-7, skandinavlardan 3 ochko ortda qolayotgan va oxirgi turda bu terma jamoani o‘z uyida mehmon qiladigan Niderlandiyada 19-12.
Endilikda pley-offga chiqish uchun oxirgi turda Niderlandiya Shvetsiya darvozasiga javobsiz 7ta gol urib g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.
Guruh yetakchisi Fransiya esa Sofiyada Bolgariyani Blez Matyudining goli evaziga mag‘lub etib ochkolari sonini 20taga yetkazdi va guruhda kamida ikkinchi o‘rinni olishini ta'minladi. Keyingi turda fransuzlar Lyuksemburgni qabul qilishi hisobga olinsa, mundial yo‘llanmasi amalda naqd qilingan.

B guruhi
Barchasi Lissabonda hal bo‘ladi

Bu safargi saralashning Yevropa mintaqasida B guruhi eng raqobatli guruh bo‘ldi. Ayni vaqtga kelib Shveytsariya va Portugaliya Rossiyaga eng yaqin terma jamoalar bo‘lib turishibdi. Yevropa chempionlari birinchi davrada Bazelda 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lishgandi va shu tufayli ayni vaqtda guruhda Shveytsariyadan 3 ochkoga ortda qolmoqda. Shanba kuni shveysariyaliklar Vengriyada ishonchli g‘alabaga erishdi (5:2), portugallar Andorrani mag‘lub etdi (2:0). Jamoa hujumchisi Andre Silva o‘yindagi gollardan biriga muallif bo‘ldi, terma jamoaning saralashdagi barcha 9 o‘yinida ishtirok etgan bu futbolchi 9 golda ishtirok etgan (8 gol va bir golli uzatma).




















