O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi.
Farmon matnida O‘zbekiston fermerlari kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni yetarli darajada bajara olmayotgani, aholi ixtiyoridagi 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi past darajada qolayotgani, fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlari hamda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish ustidan parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati lozim darajada o‘rnatilmagani, fermer xo‘jaliklarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanib qolayotgani, ularning qayta ishlash, saqlash, tayyor mahsulotlarni sotish va xizmatlar ko‘rsatish kabi ko‘p tarmoqli faoliyatini yo‘lga qo‘yishda mavjud imkoniyatlardan foydalanilmayotgani, fermer va dehqon xo‘jaliklari a'zolari va tomorqa yer egalarining qishloq ho‘jalik mahsulotlarini yetishtirish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni zarur ma'lumot va axborotlar bilan ta'minlash hamda boshqa xizmatlar ko‘rsatish tizimi, shuningdek fermer xo‘jaliklarida mehnat munosabatlarini tashkil etish holati bugungi kun talablariga javob bermayotgani ta'kidlab o‘tilgan.
Farmonda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishning hozirgi bosqichdagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan:
- Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali tizimini yaratish, ushbu sohada normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
- Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan samarali foydalanishdagi shaxsiy manfaatdorligi va mas'uliyatini oshirish, bu borada parlament, vakillik va jamoatchilik nazoratining ta'sirchan tizimini yaratish;
- Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ekin yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta'minlash bo‘yicha vazifalarini aniq belgilash hamda ularning javobgarligini kuchaytirish;
- Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini kuchaytirish;
- Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta'minlash, ularning tayyorlov, qayta ishlash, ta'minot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarida zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish;















