Halollik, fikrni qisqa va lo‘nda ifodalash, shuningdek suhbatdoshni tinglay olish yaxshi muloqot garovidir. "Gaplashib olishimiz kerak" kitobi muallifi, radioboshlovchi, jurnalist Selesta Xudli boshqalar bilan muloqot davomida yordam beruvchi qoidalari bilan bo‘lishdi.

 

1. Chalg‘imang

Bu shunchaki telefon yoki planshetni olib qo‘yish kerakligini bildirmaydi. Hozirgi lahzalardan zavq olishni o‘rganing. Rahbaringiz bilan urushib qolganingiz yoki kechki ovqatga nima tayyorlash borasida bosh qotirmang. Suhbatni tugatmoqchi bo‘lsangiz, shunday qiling, biroq o‘z xayollaringizga berilib, suhbatni davom ettirmang.

Foto: Layfxaker

2. Shaxsiy fikringizni boshqalarga singdirishga urinmang

Agar javob yoki tanqidsiz o‘z nuqtai nazaringizni bayon qilmoqchi bo‘lsangiz, shaxsiy blogingizni yuriting. Muloqotni suhbatdoshdan nimadir o‘rganishga umid qilib boshlash kerak. Teleboshlovchi Bill Nayning aytganidek: "Tanishgan har bir odamingiz siz bilmaydigan biror narsani biladigan bo‘ladi". Suhbatdoshni haqiqatda tinglash uchun shaxsiy qarashlaringizni vaqtinchalik bir chetga surib turishga harakat qiling.

 

3. Batafsil javob talab qiluvchi savollar bering

Savolni "Kim?", "Nima?", "Qayerda?", "Qanday qilib?" va "Nima uchun?" so‘zlaridan boshlang. Aks holda suhbatdoshingiz faqat "ha" yoki "yo‘q" deb javob beradi. Biror voqea yoki hissiyot haqida batafsil ma’lumot so‘rang. Suhbatdoshingiz o‘ylanib qoladi, javob esa qiziqarli bo‘ladi.

 

4. Muloqotning borishini kuzating

Ko‘pincha miyamizga qandaydir fikr keladi va biz bir muddat suhbatdoshni tinglamay qo‘yamiz, o‘zimiz so‘raydigan savol borasida o‘ylanib qolamiz. Ba’zan shunday bo‘ladiki, savolimiz bundan oldin suhbatdoshimiz gapirgan gaplarini takrorlaydi. Shunday bo‘lmasligi uchun turli fikrlarni qo‘yib yuborishni o‘rganing. Ular keladi va ketadi, bunday fikrlarga yopishib olmang.