Vazirlar Mahkamasining 30.09.2017 yildagi 777-son qarori bilan Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik va boshqa buyumlar ishlab chiqarishni litsenziyalash to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1.10.2017 yildan boshlab zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyat litsenziyalanadi. Qimmatbaho metallar ishlab chiqaruvchilarga faqat tegishli litsenziya mavjud bo‘lgan taqdirda beriladi.
Lisenziyalovchi organ – Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi. Lisenziyalash jarayoni faqat «yagona darcha» markazlari orqali (shaxsan kelib) yoki YaIDXP orqali (hujjatlarni ERI bilan tasdiqlagan holda elektron shaklda) tasdiqlangan sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
Lisenziyalar 5 yil yoki undan kam muddatga da'vogarning arizasiga ko‘ra beriladi. Lisenziya quyidagi ish turlari uchun beriladi (barcha ish turlari uchun yoki istalgan guruhlardan biri uchun beriladi):
• Markaziy bank zaxirasidan ajratilgan qimmatbaho metallardan foydalangan holda zargarlik buyumlarini tayyorlash. O‘zining ishlab chiqarish chiqindilaridan mexanik, kimyoviy va metallurgiya jarayonlarini qo‘llagan holda qimmatbaho metallarni ajratib olish va qayta ishlash (qimmatbaho metallarning daval chiqindilarini qayta ishlash huquqisiz);
• yakka tartibdagi buyurtma asosida daval materiallardan zargarlik buyumlarini tayyorlash va qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlarini ta'mirlash. O‘zining ishlab chiqarish chiqindilaridan mexanik, kimyoviy va metallurgiya jarayonlarini qo‘llagan holda qimmatbaho metallarni ajratib olish va qayta ishlash (qimmatbaho metallarning daval chiqindilarini qayta ishlash huquqisiz).
Lisenziya olish uchun o‘rnatilgan talablarga javob berish va tasdiqlangan shaklda ariza berish lozim. Lisenziya talablari va shartlariga muvofiqlik Asillik darajasini belgilash palatasi xodimi tomonidan joyiga chiqib o‘tkaziladigan da'vogarni o‘rganish chog‘ida o‘rnatiladi.
Lisenziyani berish uchun ariza u qabul qilingan sanadan e'tiboran 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ushbu holatda arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im va litsenziyani berish uchun davlat boji ham to‘lanadi:
• yuridik shaxslar uchun – EKIHning 5 baravari;
• yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun – EKIHning 2 baravari.






