Virtual va Xalq qabulxonasiga 208 marta murojaat qilgan shaxsning muddaosi nima edi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 28 dekabrdagi farmoniga ko‘ra tashkil etilgan Xalq qabulxonalari xalq bilan doimiy muloqot qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari o‘z vaqtida xolislik tamoyillari asosida ko‘rib chiqilishida, mansabdor shaxslar mas'uliyatini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Biroq, hayotda shunday insonlar ham uchraydiki, yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan faqat o‘z manfaatini qondirishni ko‘zlaydi, hatto g‘araz niyatini shu orqali amalga oshirishga urinadiganlar ham yo‘q emas. Bunday murojaatlar sabab boshqa birovning manfaatiga putur yetadi, ayni vaqtda ko‘plab idoralarda ortiqcha vaqt va qog‘oz sarfi, behuda o‘rganishlarga sabab bo‘ladi, deb yoziladi «Qashqadaryo» gazetasida.
Masalan, Shahrisabz tumanilik B.H. bir emas, o‘n emas, naq 208 marta Xalq qabulxonasi va Virtual qabulxonaga murojaat qilgan. O‘rganishlarda ayon bo‘lishicha, aslida uning birovga muhtojlik joyi yo‘q. Shunchaki yozishni, bo‘lar-bo‘lmasga ariza yo‘llashni odat qilib olgan. Bir qancha talablari inobatga olinib, murojaatlari qanoatlantirilgan ham. Qaragan – nima talab qilsa, zumda bajarib berishayapti, aytgani-aytgan, degani-degan. Bu kimga yoqmaydi deysiz?! Biroq hamma narsaning ham chek-chegarasi borda. Oxirgi gal u Qarshi tumanida qurilayotgan arzonlashtirilgan uylardan olmoqchi bo‘lib ariza yozdi. Uning bu talabi ham bajarildi – hatto uy uchun to‘lanadigan dastlabki to‘lovning teng yarmi, ya'ni 8 million so‘mdan ko‘proq mablag‘ uning nomiga o‘tkazib ham berildi. Ammo B.Hotamov hali-hamon yozishda, ko‘plab idoralar mas'ullarini sarson qilishda davom etmoqda.
Nishonlik I.Q. esa o‘z murojaatida yozda boshi, qishda esa butun tanasi qaqshab og‘rishini aytib, har oyda 300 ming so‘mdan yordam puli berib turishlarini so‘ragan. Tegishli idoralar mas'ullari borib ko‘rishsa, endigina o‘ttizdan oshgan bu yigitning to‘rt muchasi ham sog‘, u shunchaki «yotib yeyish»ga ko‘nikkan yoki shuni istagan.
Qarshi shahrilik Q.P. adovati sababni, yo «adolat» istabmi, bir maktab direktorini ishdan olishni so‘rab, salkam 50 marta ariza yozgan. Shunga ko‘ra, direktor faoliyati tegishli organlar tomonidan bir necha marta tekshirilgan. Biroq qonunga zid holatlar aniqlanmagan. Niyati amalga oshmagan xusumatchi oxiri direktorning oldiga kelib, agar 1000 dollar bersang tinch qo‘yaman, deb tahdid qilgan. Mana, uning asl maqsadi nimadan iborat bo‘lgan. Vaholanki, uning shikoyat xatlari go‘yoki ta'lim sifati va samaradorligini ta'minlashga qaratilgandek edi. Bila turib yolg‘on ma'lumot tarqatgani va tamagirlik istagi sabab uning o‘zi tegishli javobgarlikka tortildi.
Aholini o‘ylantirayotgan masalalar, sarsonu ovoragarchiliklarga sabab bo‘layotgan muammolarga yechim topilib, odamlarning adolatga, davlatga ishonchini yanada mustahkamlashga harakat bo‘layotgan bir paytda ayrim kimsalarning arzimagan narsa yuzasidan yoxud o‘z manfaatini ko‘zlab takror va takror murojaat qilishi yaratilgan qulayliklarga nisbatan bepisandlikdan boshqa narsa emas.
Shunday ekan, barchamizga bildirilayotgan ishonchni suiiste'mol qilmaylik. Yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarishga o‘rganaylik. Bu qo‘limizdan kelmasa, hech qursa yomonlik qilmaylik, birovni ortiqcha tashvishga qo‘ymaylikki, bu ham yaxshilik qilish bilan barobar.
Muso MURODOV
Mavzuga oid
20:43 / 25.11.2022
Hududlarda Prezident administratsiyasi rahbarining yordamchilari ish boshlaydi
21:32 / 20.12.2021
Sobiq vazir tuman hokimligidan viloyat xalq qabulxonasi mudiri lavozimiga o‘tdi
14:48 / 20.01.2021
2020 yilda Prezident qabulxonalariga 1 milliondan ortiq murojaat kelib tushgan
16:30 / 26.06.2020