O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 oktabr kuni Xorazm viloyatiga safari davomida Xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Nutq matni O‘zA tomonidan keltirildi.

 

Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar! 

Muhtaram do‘stlar! 

Qadrli Xorazm ahli! 

Avvalambor, bugun mana shunday ajoyib, shukuhli bir kunda siz, azizlar bilan uchrashib, barchangizni ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rib turganimdan xursandman. 

Sizlarga, sizlar orqali ko‘pni ko‘rgan, mehnatkash va olijanob Xorazm eliga o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirishga ruxsat etgaysiz. 

Bugungi kunni “ajoyib”, “shukuhli kun” deb aytganim, albatta, bejiz emas. Kuni kecha Xorazm vohasining mirishkor dehqon va fermerlari mamlakatimizda birinchi bo‘lib paxta bo‘yicha shartnoma majburiyatini bajardilar. 

Sizlarni fidokorona va mashaqqatli mehnat hisobidan 250 ming tonnadan ziyod paxta xirmoni bunyod etib, mana shunday ulkan g‘alabani qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. 

Halol va samarali mehnatingiz uchun sizlarga, butun Xorazm eliga chuqur minnatdorchilik bildirib, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. 

Haqiqatan ham, Xorazm – o‘z kasbining fidoyisi va ustasi bo‘lgan asl dehqonlar yurti ekani bilan har qancha faxrlansak, sizlarga har qancha tahsin va tasannolar aytsak arziydi. 

Bu zamindagi og‘ir iqlim va murakkab tuproq sharoitiga qaramasdan, voha mirishkorlari barcha qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirib kelmoqda. Buning uchun odam avvalo o‘z yurtini, o‘z Vatanini sevishi, unga sadoqat ko‘rsatib yashashi kerak va Xorazm ahli buni o‘z tarixida, o‘z hayotida takror va takror isbot etib kelmoqda, desak, ayni adolatni aytgan bo‘lamiz.