Vazirlar Mahkamasining 12.10.2017 yildagi 819-son qarori bilan Qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamg‘alash bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni amalga oshirganlik uchun asillik darajasi to‘lovini undirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda. 
 
Bir vaqtning o‘zida 27.05.2003 yildagi VMQ-232-son qaror va, u bilan birga qonunchilik hujjatlarining ba'zi bandlari o‘z kuchini yo‘qotdi.
 
Asillik darajasi to‘lovi qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini tekshirish va tamg‘alash uchun undiriladi. To‘lovchilar – yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari-rezidentlari va norezidentlari.
 
Barcha harakatlar Qimmatbaho metallar agentligining Davlat asillik darajasini belgilash palatasi (keyingi o‘rinlarda – Asillik palatasi) tomonidan amalga oshiriladi. MB huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi va Asillik palatasining tarkibiy tuzilmalari uchun o‘tkaziladigan tahlil va ekspertizalar to‘lovsiz amalga oshiriladi.
 
Qaror bilan shuningdek, qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini tekshirish va tamg‘alash ishlari, tahlillar va boshqa xizmatlar uchun asillik to‘lovining yangi qiymatlari tasdiqlandi.
 
Nizomda quyidagi masalalar ko‘zda tutilgan:

•  asillik darajasi to‘lovi QQS hisobga olinmagan holda undiriladi;
•  asillik darajasi to‘lovini hisoblashda EKIHning foizlari kamaytirilish tarafiga butun son ko‘rinishiga kelgunga qadar yaxlitlangan holda so‘mga o‘giriladi;
•  qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarning asillik darajasini tekshirish va tamg‘alash ishlari 4 sutka mobaynida amalga oshiriladi.

Ammo ishlarni tezkor bajarganlik uchun asillik darajasi to‘lovi quyidagi nisbatlarda ko‘payadi

•  bir sutka mobaynida – 3 baravar;
•  ikki sutka mobaynida – 2 baravar;
•  uch sutka mobaynida – 1,5 baravar.