Jamiyat | 16:58 / 23.10.2017
41839
3 daqiqa o‘qiladi

1,5 yoshli Umidjon Moskvaga jo‘nab ketdi (video)

Foto: Kun.uz

KUN.UZ saytida tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan 1,5 yoshli Umidjonning davolanishiga bag‘ishlab xayriya aksiyasi haqida e'lon qilingandi. Bola «Tug‘ma yurak nuqsoni. O‘pka arteriyasi areziyasi. Ochiq arterial protok» kasalligi bilan tug‘ilgan. Jarrohlik amaliyotini O‘zbekistonda o‘tkazishning imkoni yo‘qligi, shu sababdan Umidjonni Rossiya poytaxti Moskva shahriga, mashhur jarroh Leo Bokeriya qo‘li ostida davolanish uchun olib borishmoqchi ekani, davolanish jarayoniga 85 000 000 so‘m mablag‘ talab etilishi ma'lum qilingandi.

22 oktabr kuni Umidjon otasi bilan birga Moskva shahriga uchib ketdi. Otaning bildirishicha, nafaqat O‘zbekiston, balki chet davlatlarda istiqomat qiluvchi vatandoshlar ham yordam qo‘lini cho‘zishgan. Ma'lum qilinishicha, lozim bo‘ladigan mablag‘ning yarmi bank plastik kartasiga tushirib berilgan bo‘lsa, jarrohlik amaliyoti, shifoxona xarajatlari uchun talab etiladigan taxminan 45 mln. so‘mni fuqarolarimizdan biri to‘liq o‘zi to‘lab bergan.

«Moskvaga yetib borganimizdan so‘ng muolajalarni boshlaymiz, 2-3 kun tibbiy tahlillarni olishga kerak ekan. Shundan keyin jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi lozim. Deyarli million aholi yordam berdi. Hammaga tushungani, ishongani uchun rahmat. Aslida Leo Bokeriyaning yoniga 29 avgust kuni borishimiz kerak edi, lekin imkoniyatimiz bo‘lmagan. Mana yaxshi insonlarning sharofati bilan uchib ketmoqdamiz. Yana bir bora yordam qo‘lini cho‘zgan barchaga katta rahmat. “Muborakneftgaz” rahbari, xalqimizga, musofirchilikda yurib, yordam bergan vatandoshlarimizdan minnatdorman. Ergash aka ismli insonni alohida tilga olib o‘tishni xohlayman. Ular juda katta yordam berdilar, ammo o‘zlarini tanishtirishni istamadilar. Shu kishiga alohida rahmat», - deydi Umidjonning otasi.

KUN.UZ tahririyati Umidjonga jarrohlik amaliyotidan muvaffaqiyatli o‘tib, tezroq sog‘ayib ketishni tilaydi. Moskva shahridan bola va uning otasi yurtimizga yaxshi kayfiyatda, eson-omon qaytib kelishlarini kutib qolamiz.

Mavzuga oid