Jahon | 17:53 / 28.10.2017
6363
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya IIV Kataloniya politsiyasiga yangi rahbar tayinladi

Foto: RIA "Novosti"

Kataloniya huquqni muhofaza qilish organlari - Mossos d`Esquadra’ning yangi rahbari etib avval bu mahkamada ikkinchi lavozimni egallagan Ferran Lopes tayinlandi. Bu haqda Ispaniya IIV bayonotida aytiladi.

Lopes mahkamasining hududiy muvofiqlashtirish bo‘yicha oliy komissari lavozimini egallaydi.

Shanba kuni ertalab Kataloniya politsiyasi rahbari Xosep Luis Trapero lavozimidan chetlashtirilgani ma'lum bo‘ldi. Ispaniya IIV bayonotida aytilishicha, bunday qaror «u bo‘lib turgan yuridik vaziyat» bilan bog‘liq. Traperoga nisbatan sud surishtiruvlari olib borilmoqda, ular isyon bilan aloqador jinoyatlarga bog‘liq. Ispaniya Milliy sud palatasi sudyasi dastlabki chora sifatida undan pasportni olib qo‘yish, mamlakat hududini tark etishni taqiqlash haqida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, u har 15 kunda sudga kelishi lozim.

Shuningdek, Kataloniya ichki ishlar bosh kotibi Sesar Puig va jyeneralitet politsiyasi bosh direktori Pere Soler ham o‘z lavozimidan ayrilgan. Bu holatda iste'folar ularning siyosiy harakatlari bilan bog‘liq, deyiladi Ispaniya IIV tomonidan tarqatilgan hujjatda.

Ichki ishlar kotibiyatiga Ispaniya IIV texnik bosh kotibi Xuan Antonio Puigserver rahbarlik qiladi. Politsiya bosh direktori lavozimi esa bo‘sh qolmoqda – vakolatlar ichki ishlar kotibiyati hamda Mossos d'Esquadra rahbariyati o‘rtasida taqsimlab yuboriladi.

Shuningdek, Ispaniya IIV «Mossos d´Esquadra xodimlari professionalligi tan olinishini» ham ta'kidlab o‘tdi. Biroq «vaziyatning rivojlanishiga qarab, lozim bo‘lgan taqdirda Mossos d´Esquadra mamlakatning boshqa xavfsizlik kuchlari bilan almashtirilishi mumkin».

Kataloniya huquqni muhofaza qilish organlari shanba kuni oddiy rejimda ishlashayotgani haqida ma'lum qilishdi. «Odamlar xavfsizligini himoya qilish hamda kafolatlash – bizning ustuvor maqsadimiz. Oddiy rejimda ishlashni davom ettirmoqdamiz», - deyiladi mahkamaning Twitter’dagi xabarida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid