Bugun har bir xonadonda turli xildagi maishiy elektr moslamalarini uchratish mumkin. Bu o‘z navbatida energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taqozo etadi. Chunki har qanday mamlakatning barqaror rivojlanishida energiya resurslari hal qiluvchi omilga ega. Ya'ni biror turdagi mahsulotni ishlab chiqarish uchun ma'lum miqdorda energiya sarf qilinadi, shu bilan birga, har birlik miqdordagi mahsulotning tannarxi ham bevosita issiqlik va elektr energiyasi iste'moliga bog‘liq bo‘ladi.
Shundan kelib chiqqan holda, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 apreldagi “Respublikada sotiladigan maishiy elektr priborlarini, yangidan quriladigan binolar va inshootlarni energetika jihatidan majburiy markirovkalash va sertifikatlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan chetdan olib kirilayotgan va sotilayotgan maishiy elektr priborlarining, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida yangidan qurilayotgan binolar va inshootlarning energiya samaradorligini ta'minlash maqsadida 2016 yil 1 yanvardan e'tiboran amalda qo‘llaniladigan bir qancha talablar belgilangan.
Bu haqda targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi sub'yektlar tomonidan qaror talablariga zid maishiy elektr priborlarining importi kuzatilmoqda, deb xabar berdi Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.
Misol uchun, “Ko‘kdumaloq-gaz” MChJ shaklidagi qo‘shma korxona mas'ullarining e'tiborsizliklari sabab, korxona ehtiyoji uchun chetdan 5 partiyadagi qiymati 631 AQSh dollarilik, vazni 15,5 kilogramm bo‘lgan 103 dona turli xildagi energiya samaradorligi past (yuqori elektr energiyasini sarflaydigan) cho‘g‘lanma lampalar import asosida olib kelingan. Mazkur lampalar yuqorida qayd etilgan qaror talablariga zid bo‘lganligi sababli belgilangan tartibda yo‘q qilinishi ta'minlandi.
Shuni ta'kidlash lozimki, texnik hujjatlarida, markirovkasida va etiketkalarida energiya samaradorligining tegishli klassi to‘g‘risidagi axborotlar majburiy mavjud bo‘lishi haqidagi talab, ilovaga muvofiq, 10 turdagi tovarlar ro‘yxati bo‘yicha chetdan olib kirilayotgan va O‘zbekiston Respublikasi hududida sotilayotgan maishiy elektr priborlariga tatbiq etiladi.
Shuningdek, maishiy elektr priborlarining energiya samaradorligi klassini aniqlash uchun “A”, “V”, “S”, “D”, “E”, “F”, “G” belgilari joriy etilgan. Bunda:
“A” klassi energiya samaradorligi eng yuqori maishiy elektr priborlarini belgilash uchun va tegishli ravishda “G” klassi (tavsiflarini hisobga olgan holda) bir toifaga kiritilgan maishiy elektr priborlari jumlasidagi energiya samaradorligi eng kam bo‘lgan priborlarni belgilash uchun qo‘llaniladi;

















